Xorijiy tillarni o‘rganishda eng yaxshi maktablar aniqlandi
Bugungi kunda xorijiy tillarni mukammal egallash zamonning asosiy talablaridan biriga aylandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bir necha yil avval ta’sis etilgan “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovi o‘g‘il-qizlarni chet tillarini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini tobora oshirib, ularni o‘z ustida ishlashga undamoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 2022-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovi ta’lim dargohlarida yoshlarga chet tillarini o‘rgatishning ilg‘or va samarali metodikalarini ommalashtirishga xizmat qilmoqda.

Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida mazkur respublika tanlovining yakuniy bosqichi hayajonli daqiqalarga boy bo‘ldi. Toshkent viloyatining so‘lim Bo‘stonliq tumanidagi “Renessans” oromgohida tanlov g‘olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov tanlovning yakuniy bosqichida ishtirok etishning o‘zi o‘quvchilarga ulkan motivatsiya va rag‘bat bag‘ishlaganini ta’kidladi.
Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Maykl Xoulgeyt ham ushbu tanlov yoshlar uchun g‘oyat katta imkoniyat ekanini qayd etdi.

— Chet tillarini o‘rganish juda murakkab jarayon. Biroq xorijiy tillarni bilish yoshlar uchun cheksiz imkoniyatlarni ochadi. Shu ma’noda, “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining o‘tkazilishi — juda xayrli tashabbus, — dedi Maykl Xoulgeyt.

Aytish kerakki, tanlovda ishtirokchilarning tinglab tushunish, o‘qish, yozish va gapirish ko‘nikmalari xorijiy mutaxassislar tomonidan baholandi.
Tanlovning barcha bosqichlarida 8 721 ta maktab ishtirok etdi. Ularda jami 43 605 nafar o‘quvchi qamrab olindi.
Tanlovning yakuniy bosqichida Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi 331-maktab jamoasi birinchi o‘rinni, Navoiy shahridagi 18-maktab jamoasi ikkinchi o‘rinni, Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi 5-maktab jamoasi esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Til ko‘nikmalari bo‘yicha “The Best Writer” nominatsiyasida Jizzax viloyati Zarbdor tumanidagi 9-maktab o‘quvchisi Nilufar Xo‘jamqulova, “The Best Speaker” nominatsiyasida Farg‘ona shahridagi 2-maktab o‘quvchisi Farzona Sultonova, “The Best Reader” nominatsiyasida Navoiy shahridagi 18-maktab o‘quvchisi Temur Toshmurodov, “The Best Listener” nominatsiyasida Buxoro tumanidagi 1-maktab o‘quvchisi Vazira Ramazonova g‘olib bo‘ldi.
Tanlovning oliy sovrini esa Navoiy shahridagi 18-maktab o‘quvchisi Umidjon Bobonazarovga nasib etdi.
— Tanlov juda hayajonli kechdi. Bunday yutuqni qo‘lga kiritishda ustozlarimiz va jonajon maktabimizning xizmatlari beqiyos, — dedi Umidjon Bobonazarov.
Tanlov yakuniga ko‘ra, birinchi o‘rinni egallagan maktab jamoasi 500 million so‘m, ikkinchi o‘rin sohiblari 400 million so‘m, uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan maktab jamoasi esa 300 million so‘m miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Tanlov natijalari xorijiy tillarni o‘rganishga intilayotgan yoshlar uchun rag‘bat va motivatsiya manbai bo‘lib, maktablarda chet tillarini o‘qitish sifatini yanada oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Nazokat Usmonova, O‘zA