Xonqada qarzdorga tegishli elektromobil xatlandi
Xonqa tumanida mast holda boshqa fuqaroga tegishli bo‘lgan “COBALT” rusumli avtomashinani boshqargan fuqaro sud qarori bilan 3 (uch) yil muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilib, unga nisbatan 16 million 480 ming so‘m miqdorida jarima belgilangan.
Aniqlanishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Xonqa tumani sudining ijro varaqasiga asosan huquqbuzar Q.A.dan 16 million 480 ming so‘m jarima summasini Respublika byudjeti daromadiga undirish haqidagi ijro hujjati Byuroning Xonqa tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro harakatlariga kirishilgan.
Sud qarorida ko‘rsatilgan jarima summasini to‘lash bo‘yicha huquqbuzar Q.A. bir necha marotaba ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramasdan, o‘ziga tegishli xulosa chiqarmagan va ixtiyoriy ravishda belgilangan summani to‘lamagan.
Davlat ijrochisi S.Sapayev tomonidan olib borilgan ijro harakatlari va boshqarma qidiruv sho‘’basi xodimlarining qidiruv harakatlari natijasida huquqbuzar Q.A.ga tegishli bo‘lgan BYD SONG PLUS rusumli avtotransport vositasi topilib, jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Endi transport vositasini mustaqil baholovchi tashkilotga baholatib, baholash ishlari yakunlangach, uni elektron onlayn-auksion savdosiga chiqarish choralari ko‘riladi.
Auksiondan tushgan mablag‘lar esa qarzdorning jarima summalarini qoplash uchun yo‘naltiriladi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri