Tom ham umumiy mulk: o‘zboshimchalikka yo‘l qo‘yilmaydi
Bino faqat devor va xonadonlardan iborat emas. Uning har bir qismi, ayniqsa, umumiy foydalanishdagi hududlardan qonun doirasida foydalanish — barcha mulkdorlarning huquqi va manfaatini himoya qilish demakdir.
Ko‘p qavatli uylarda yashash madaniyati, avvalo, umumiy mulkka ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, belgilangan tartib-qoidalarga amal qilish va boshqa xonadon egalarining huquqlarini hurmat qilishdan boshlanadi.
Bugungi kunda yurtimizda inson uchun munosib va xavfsiz yashash sharoitlarini yaratish, shahar va mahallalar qiyofasini obodonlashtirish, ko‘p kvartirali uy-joy fondini saqlash hamda aholiga qulay muhit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilayotgan “Obod xonadon — obod ko‘cha — obod mahalla” tamoyili ham ana shu ezgu maqsadga xizmat qiladi.
Biroq obodlik degani — xohlagan joyga o‘zboshimchalik bilan qurilma o‘rnatish yoki umumiy hududni shaxsiy ehtiyoj uchun egallab olish degani emas. Aksincha, haqiqiy obodlik qonuniylik, tartib va o‘zaro hurmat uyg‘unligida namoyon bo‘ladi.
Buxoro shahrining Ko‘ksaroy mahallasidagi B. Naqshband ko‘chasida joylashgan 180-uyda o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida ana shunday holatlardan biri aniqlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur ko‘p kvartirali uyning 5B-25-xonadonida yashovchi fuqaro D. Z. tom qismida joylashgan terrasa maydonidan foydalanib, metall konstruksiyalardan ayvon — naves o‘rnatgan.
Holat hududiy inspeksiya tomonidan o‘rganildi. O‘rganish jarayonida ko‘p kvartirali uyning umumiy foydalanishdagi hududidan belgilangan talablarga zid ravishda foydalanilgani hamda qurilish ishlarini tegishli tartib va talablarga rioya qilgan holda amalga oshirish qoidalari buzilgani qayd etildi.
Masalaning e’tiborli jihati shundaki, ko‘p kvartirali uyning tom qismi oddiy “bo‘sh maydon” emas. U muayyan tartibda umumiy foydalanishdagi hudud hisoblanib, undan bir xonadon egasining o‘z xohishiga ko‘ra foydalanishi boshqa mulkdorlarning huquq va manfaatlariga daxl qilishi mumkin.
Ayniqsa, konstruktiv o‘zgarishlar binoning tashqi ko‘rinishi, texnik holati, xavfsizligi va muhandislik tizimlariga ta’sir ko‘rsatishi ehtimoli borligi bois, bunday ishlarga befarq qarab bo‘lmaydi.
Aniqlangan holat yuzasidan belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rildi. Qonunchilik talablariga muvofiq, tom qismida o‘zboshimchalik bilan o‘rnatilgan konstruksiya joyida bartaraf etildi.
Bu kabi nazorat tadbirlarining ahamiyati faqat bitta qurilmani olib tashlash bilan cheklanmaydi. Eng muhimi, aholi o‘rtasida qonuniylik madaniyatini shakllantirish, ko‘p kvartirali uylarda umumiy mulkdan foydalanish qoidalariga amal qilish zarurligini yana bir bor eslatishdir.

Zero, bir xonadon uchun “qulaylik” bo‘lib ko‘ringan, o‘zboshimchalik bilan qilingan qurilish boshqa o‘nlab xonadon egalari uchun noqulaylik, xavf yoki huquq buzilishiga aylanishi mumkin.
Shu bois, ko‘p kvartirali uylarda qurilish, qayta qurish, qo‘shimcha konstruksiyalar o‘rnatish yoki binoning tashqi va ichki ko‘rinishiga ta’sir etuvchi o‘zgartishlarni amalga oshirishdan oldin belgilangan qonuniy tartiblarga qat’iy rioya qilish talab etiladi.
Hududiy inspeksiya tomonidan ko‘p kvartirali uy-joylarda o‘zboshimchalik bilan amalga oshirilayotgan qurilish, qayta qurish va konstruktiv o‘zgartirishlarning oldini olish, shuningdek, aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etishga qaratilgan nazorat tadbirlari izchil davom ettiriladi.
Qonunga rioya qilingan joyda tartib bor. Tartib bor joyda esa haqiqiy obodlik va xotirjamlik qaror topadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri