Xorazmda ko‘p qavatli uy-joy fondi bo‘yicha yarim yillik yakunlar tahlil qilindi
FOTOREPORTAJ
Xorazm viloyatida 2026-yilning birinchi yarim yilligida uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida amalga oshirilgan ishlar yakunlari tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi. Yig‘ilish Hududiy inspeksiya boshlig‘i Sherzod Otayev rahbarligida o‘tkazildi.
Qayd etilganidek, o‘tgan olti oy davomida viloyatdagi 1 ming 959 ta ko‘p kvartirali uydan 1 ming 207 tasining texnik holati o‘rganildi. Nazorat tadbirlari natijasida tutash hududlarda o‘zboshimchalik bilan qurilgan inshootlar, shuningdek, uylarning tayanch va to‘siq konstruksiyalariga noqonuniy aralashish bilan bog‘liq qator huquqbuzarlik holatlari aniqlandi. Ularning bir qismi ixtiyoriy bartaraf etilgan bo‘lsa, qolgan holatlar yuzasidan sudlarga da’vo arizalari kiritildi.
Yig‘ilishda «Mening uyim» billing axborot tizimi orqali boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati ham tahlil qilinib, boshqaruv qoidalariga rioya etilishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijalari ko‘rib chiqildi. Aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy choralar qo‘llanildi.
[gallery-30515]
Ko‘p qavatli uylarning seysmik xavfsizligini ta’minlash masalasi ham muhokama qilindi. Hisobot davrida 1 ming 23 ta uyda vizual o‘rganish ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, «Pasportbino.uz» elektron platformasiga kiritilgan 38 ta ko‘p kvartirali uyda instrumental texnik tekshiruv o‘tkazilib, ularning texnik holati bo‘yicha tegishli xulosalar berildi.
Yig‘ilishda yilning ikkinchi yarmi uchun belgilangan ustuvor vazifalar sifatida aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati samaradorligini oshirish, seysmik xavfsizlik yuzasidan tekshiruvlarni sifatli tashkil etish, murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish hamda korrupsiyaga qarshi murosasiz muhitni mustahkamlash masalalari belgilandi.
Behzodbek SAIDOV (surat), O‘zA