Har bir murojaat e’tiborda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro G‘.X. o‘z xonadoniga quyosh panelini o‘rnatish uchun tuman elektr tarmoqlari korxonasiga ariza bergan.
Ammo, korxona tomonidan o‘rnatishga qarshilik ko‘rsatib kelingan va fuqaro O‘zbekiston Respublikasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining “Ishonch telefoni”ga murojaat qilgan.
To‘rtko‘l tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislarining aralashuvi va amaliy yordami bilan masala qisqa muddatda o‘rganib chiqildi. Jamiyat tomonidan tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbariga xat yo‘llanib, iste’molchining qonuniy manfaati himoya qilindi.

Amaliy o‘rganishlar natijasida elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan fuqaroga quyosh panelini o‘rnatishga ruxsat berilgani ma’lum qilindi.
Yana bir holatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga To‘rtko‘l tumanida joylashgan “S.T” do‘koniga nisbatan shikoyat kelib tushdi. Iste’molchi sotib olgan muzlatkichi ishdan chiqib, kafolat muddati ichida ham ta’mirlash ishlari kechiktirilayotganidan norozi bo‘lgan.
Federatsiya mutaxassislari tomonidan ushbu masala “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 33-moddasiga muvofiq o‘rganildi va tushuntirish ishlari olib borildi.
Natijada muzlatkich ta’mirlanib, muammo o‘z yechimini topdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri