Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyasi loyihasi muhokama qilindi
Xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining 25-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Viloyat darajasidagi muhim qarorlar qabul qilinadigan rasmiy yig‘ilishda xalq deputatlari viloyat kengashi deputatlari, viloyat hokimi, uning o‘rinbosarlari, idora va tashkilot rahbarlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Sessiya kun tartibida viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti bilan bog‘liq navbatdagi muhim masala ko‘rib chiqildi.
Jumladan, unda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati “Shahar atrofida yo‘lovchi tashish” mas’uliyati cheklangan jamiyati loyihasiga asosan Chexiya respublikasining “Skoda transportation” kompaniyasining 10 ta zamonaviy elektropoyezdlarini xarid qilish” loyihasi muhokama qilindi.
Kun tartibidagi yana muhim masala Xorazm viloyatini 2030-yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyasi loyihasining muhokamasi bo‘ldi.
Ta’kidlandiki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni, ijrosini ta’minlash maqsadida mamlakatimizning barcha hududlari, shu jumladan, Xorazm viloyati uchun 2030-yilgacha mo‘ljallangan hududiy taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqilgan.
Muhokamaga kiritilgan Strategiya “O‘zbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasining uzviy davomi bo‘lib, unda belgilangan 60 dan ortiq umummilliy maqsad, hamda viloyatning sanoat va agrar salohiyati, Xiva orqali shakllangan tarixiy-turistik brendi, Amudaryo quyi oqimidagi suv-ekologik cheklovlari hamda aholi zichligi yuqori bo‘lgan hudud sifatidagi xususiyatlarini inobatga olgan holda ishlab chiqildi.
So‘nggi yillarda amalga oshirilgan tizimli islohotlar natijasida viloyat iqtisodiyoti barqaror va jadal o‘sish bosqichiga olib chiqildi. 2025-yil yakunlari bo‘yicha viloyatning hududiy yalpi mahsuloti 5 milliard dollarga yetdi, aholi jon boshiga ushbu ko‘rsatkich 2,4 ming dollarni tashkil etdi. Yillik iqtisodiy o‘sish sur’ati izchil ravishda 7–8 foiz atrofida saqlanib kelmoqda.
Strategiyaga muvofiq, 2030-yilga qadar hududiy yalpi mahsulot hajmini 9,1 milliard AQSH dollariga, ya’ni 1,8 baravar oshirilishi, aholi jon boshiga yalpi mahsulot hajmini 4,1 ming AQSH dollariga yetkazilishi belgilangan. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 57 trillion so‘mga, xizmatlar sohasi hajmi 2 baravar o‘sib, 80 trillion so‘mga, qurilish ishlari 1,8 baravar ortib, 28,6 trillion so‘mga yetkaziladi. Yillik inflyatsiya 5 foiz darajasida barqarorlashtirilib, ishsizlik 2,8 foizdan oshmaydigan tabiiy me’yorda saqlanadi.
[gallery-30848]
Sessiya ishida viloyatning shahar va tumanlarida mavjud imkoniyat hamda ichki zaxiralarni safarbar etish orqali hududlarni rivojlantirish “Yo‘l xaritalari”ni tasdiqlash, byudjet daromadlari ijrosi, soliq qarzini qisqartirish va mahalliy byudjetga qo‘shimcha manbalarning jalb qilinishi, kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash, xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, suv resurslarini boshqarish, suv xo‘jaligi ob’ektlarining texnik holatini yaxshilash, shuningdek, viloyatda suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish holati kabi masalalar yuzasidan mas’ul rahbarlarning axborotlari ham tinglandi.
Sessiya kun tartibiga kiritilgan masalalar deputatlar tomonidan keng muhokama qilindi. Muhokamalardan so‘ng ko‘tarilgan masala yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat)
O‘zA muxbirlari