Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasidagi ishlar jamoatchilikka taqdim etildi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, jamoatchilik bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida Jamoatchilik kengashi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Tadbirda qo‘mita rahbariyati va mas’ul xodimlari, kengash a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Yig‘ilish avvalida mazkur tashkilot faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, amalga oshirilayotgan ishlar va erishilayotgan natijalar haqida ma’lumot berildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sardorbek Yoqubbekov tashkilot faoliyatining asosiy maqsadi xavfsizlikni ta’minlash bilan bir qatorda, sohada ochiqlik va shaffoflikni kuchaytirishdan iborat ekanini ta’kidladi.
– Bugungi kunda davlat xizmatlarini raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirish, jarayonlarni tezlashtirish va xizmatlar shaffofligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu, o‘z navbatida, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulaylik yaratib, korrupsiyaviy xavflarni kamaytirishga xizmat qiladi. Qo‘mita tomonidan uchta faoliyat turi bo‘yicha litsenziya, yetti yo‘nalishda ruxsatnoma va 11 ta yo‘nalishda xulosalar berish asosida davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda. 2026-yilning o‘tgan davrida 1487 ta ruxsatnoma va 544 ta xulosa taqdim etildi. Mazkur xizmatlar inson omili ishtirokisiz license.gov.uz axborot tizimi asosida amalga oshirilyapti. Sohada ekspertlar faoliyatini takomillashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda respublikada sanoat xavfsizligi sohasida akkreditatsiyadan o‘tgan 35 ta ekspert tashkilotida 122 nafar ekspert faoliyat yurityapti.
Shu bilan birga, sanoat xavfsizligini ta’minlashda raqamli texnologiyalardan foydalanish ko‘lami kengaytirilmoqda. Xususan, avtomobillarga o‘rnatilgan gaz ballonlarining xavfsiz ekspluatatsiyasini nazorat qilish maqsadida avtomatlashtirilgan axborot nazorat platformasi ishlab chiqildi. Unda ballonlarning yagona reyestri yaratilib, QR-kod orqali markirovkalash joriy etildi, sinov jarayonlarini foto va video qayd etish yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda 316 ta sinov o‘tkazuvchi tashkilot, uchta ishlab chiqaruvchi va 17 ta import qiluvchi mazkur platforma asosida faoliyat yuritmoqda, –dedi S.Yoqubbekov.
[gallery-30834]
Yig‘ilishda qo‘mita tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Qayd etilganidek, sohada korrupsiyaga qarshi kurashishning institutsional va huquqiy asoslari tubdan yangilanib, 14 ta idoraviy huquqiy hujjat qabul qilingan. Shuningdek, uchta chora-tadbirlar dasturi va bitta “Yo‘l xaritasi” amaliyotga joriy etilgan. Qo‘mitaga yuklatilgan 64 ta funksiyadagi xavf-xatarlar qayta baholanib, 30 banddan iborat maxsus dastur tasdiqlangan.
Bu borada amalga oshirilgan ishlar xalqaro standartlar asosida ham baholanib, “Kontexnazorat o‘quv” va “Radiatsiya va yadro xavfsizligi ilmiy-texnik markazi” davlat muassasalarining korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi ISO 37001 xalqaro standartiga muvofiq deb topilib, sertifikatlangan.
Tadbirda Jamoatchilik kengashi a’zolari va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ochiq muloqot ham o‘tkazildi. Unda qo‘mita faoliyatiga oid masalalar, jamoatchilikni sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida xolis va ishonchli axborot bilan ta’minlash, shuningdek, aholi va manfaatdor tomonlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida qo‘mita faoliyati haqida aholi va manfaatdor tomonlarga xolis, ishonchli va ochiq axborot yetkazish, jamoatchilik bilan muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish hamda bildirilgan taklif va mulohazalarni inobatga olish muhim vazifalardan biri ekani ta’kidlandi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Asliddin Alijonov (surat),
O‘zA