Poytaxt aeroportida 6,8 kg. sintetik giyohvandlik vositasi ushlandi
Giyohvandlikka qarshi kurashish borasida bojxona organlari tomonidan navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazilib, yirik miqdordagi sintetik giyohvandlik vositasining mamlakatimizga noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yildi.
Joriy yilning 4-avgust kuni poytaxt aeroportida “Toshkent-Aero” IBK Kontrabandaga qarshi kurashish sho‘’basi hamda “Toshkent xalqaro aeroporti” chegara bojxona posti xodimlari hamkorligida giyohvandlik vositalarining noqonuniy olib kirilishi va mamlakat hududidagi yashirin aylanmasiga qarshi navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida Bangkokdan Toshkentga uchib kelgan va bojxona nazoratidan “yashil” yo‘lak orqali harakatlangan ikki nafar yo‘lovchining bagajlari belgilangan tartibda tekshirildi.
Tekshiruv jarayonida yo‘lovchilarning yuklaridan bir-biriga o‘xshash 2 dona vino shishasi va 2 dona plastik idish aniqlandi. Ularning ichida umumiy og‘irligi 6,8 kilogramm bo‘lgan “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi borligi ma’lum bo‘ldi. Shu tariqa, giyohvandlik vositasini mamlakatimiz hududiga noqonuniy ravishda olib kirishga qaratilgan navbatdagi urinish fosh etildi.

Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi jamiyat xavfsizligi va aholi salomatligiga jiddiy tahdid soluvchi omillardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, sintetik giyohvandlik vositalarining noqonuniy tarqalishi yoshlar hayoti va kelajagiga katta xavf tug‘diradi.
Afsuski, ayrim shaxslar moddiy manfaat orttirish maqsadida bunday xavfli vositalarni turli yashirin usullar orqali mamlakatimizga olib kirishga urinmoqda. Bojxona organlari tomonidan esa bunday urinishlarning oldini olish, giyohvandlik vositalarining kontrabandasi va yashirin aylanmasiga qarshi kurashish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bojxona qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, yil boshidan buyon respublika bojxonachilari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda aniqlangan 471 ta holatda qariyb 1 tonna 800 kilogramm giyohvandlik vositalarining bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib o‘tilishi va mamlakat hududidagi yashirin aylanmasiga chek qo‘ygan.
Aniqlangan mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergovga qadar tekshiruv va protsessual harakatlar davom ettirilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA