Xavfsiz va ekologik toza kelajak sari
Bugungi kunda har bir sohada innovatsion yondashuv va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish taraqqiyotning muhim omiliga aylanmoqda. Ayniqsa, energetika va gaz ta’minoti tizimida xavfsizlikni ta’minlash, aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish hamda ekologik muammolarga yechim topish yo‘lida yoshlarning tashabbuslari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ana shu maqsadda “Hududgaz Buxoro” filialida startapchi yoshlar bilan ochiq muloqot va innovatsion g‘oyalar taqdimoti tashkil etildi.
Unda iqtidorli yoshlar tomonidan sohaga oid qator zamonaviy ishlanmalar namoyish qilindi. Xususan, gaz quvurlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan gaz sizib chiqish holatlarini erta aniqlash va tezkor chora ko‘rishga xizmat qiluvchi innovatsion qurilmalar qatnashchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Mazkur loyihalar aholi xavfsizligini ta’minlash, favqulodda holatlarning oldini olish hamda gaz ta’minoti tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Shuningdek, tadbirda atrof-muhit muhofazasi va ekologiyani yaxshilashga doir startaplar ham keng muhokama qilindi. Jumladan, havoni tozalash xususiyatiga ega xlorella kapsulalari, kuz faslida to‘planadigan xazon barglaridan ekologik toza qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Bu kabi tashabbuslar nafaqat ekologik muammolarni kamaytirish, balki chiqindilardan samarali foydalanish orqali “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini hayotga tatbiq etishga ham xizmat qilishi ta’kidlandi.

Tadbirda “Hududgaz Buxoro” filiali direktori O‘tkir Fayziyev har qanday yangi tashabbus va innovatsion g‘oyaning gaz tizimidagi o‘rni muhim ekanini ta’kidlab, ularni amalga tatbiq etish va qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilishini bildirdi.

— Gaz ta’minoti filialida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ular uchun keng imkoniyatlar yaratishga alohida ahamiyat berilmoqda, — deydi filialning yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Husen Baqoyev. — Bugungi uchrashuvda yoshlar tomonidan taklif etilgan sohaga oid qator yangiliklar tahlil qilinib, amaliy takliflar berildi. Asosiy maqsad ta’minot tizimiga raqamlashtirish texnologiyalarini keng joriy etish orqali aholiga gazni xavfsiz va barqaror yetkazib berishdan iboratdir.
Bunday uchrashuvlar yoshlarning ilmiy va innovatsion salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni amaliy loyihalarga jalb etish hamda sohada zamonaviy texnologiyalarni keng tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.