Adolat yo‘lida qilingan xizmatlar hech qachon unutilmaydi
Davlatimiz rahbarining joriy yil 16-apreldagi “9-may – Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida inson qadrini ulug‘lash, millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha yurtdoshlarimizga mehr va e’tibor ko‘rsatishga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda.
Zero, bu qadriyatlarga amal qilish Konstitutsiya va «O‘zbekiston - 2030» strategiyasida belgilangan bosh tamoyillardan.
Bu borada Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizmga qarshi kurashlarda qurbon bo‘lgan ota-bobolarimiz, istiqlol davrida Vatanimiz mustaqilligi himoyasi yo‘lida jon fido etgan mard o‘g‘lonlarimiz xotirasini yod etish, bugungi kunda oramizda sog‘-salomat yashab kelayotgan urush va mehnat faxriylariga, jonkuyar vatandoshlarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatishga oid ishlar ko‘lami kengaydi.

Ularning shonli umr yo‘li, mehnat faoliyati xalqimizning bebaho ma’naviy boyligiga aylanib, yosh avlodni vatanparvar insonlar etib kamol toptirishda jasorat va matonat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Qaror bilan tasdiqlangan “9-may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish dasturi”ga ko‘ra barcha tadbirlar “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida o‘tkazilmoqda.
Dasturda madaniy-ma’rifiy tadbirlar, «uch avlod uchrashuvlari», tasviriy san’at ko‘rgazmalari, ijodiy kechalar, tanlovlar va ommaviy sport musobaqalarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Shunga muvofiq, «Adolat» milliy huquqiy axborot markazida 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan faxriylar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvda uzoq yillar davomida samarali mehnat qilgan, o‘zining hayot yo‘li hamda kasbiy tajribasi bilan o‘rnak bo‘la olgan Mirfayzi Mirsamadov, Dilbar Do‘sjonova, Manzura Alimova, Akmalxon Inonboboyev, Ulug‘bek Ayubov, Muattar Asqarova, Gulnora Tursunbayeva kabi faxriy xodimlar ishtirok etdi.
Tadbirda faxriylar o‘zlarining hayotiy tajribalari hamda kasbiy mahoratlaridan kelib chiqib, xodimlarga qimmatli maslahat va tavsiyalarini berdi.
Bu kabi uchrashuvlar nafaqat samimiy muloqot maydoni, balki tajriba, bilim va qadriyatlar almashinuvi sifatida ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Faxriy xodimlarning boy tajribasi va hayot yo‘li bugungi va kelajak avlod uchun chinakam ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.
Har bir jamiyatning kuchi uning xotirasi, tajribasi va davomiyligidadir. Vaqt o‘tadi, avlodlar almashadi, ammo adolat yo‘lida qilingan xizmatlar hech qachon unutilmaydi.
N.Abduraimova,
O‘zA