Hokimlar ham “Zakovat” o‘yinida ishtirok etishdi
Yoshlar kuni munosabati bilan haftaning har payshanba kuni viloyatning turli hududlarida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazib kelinmoqda. Mazkur musobaqaning navbatdagi soni Marg‘ilon shahridagi “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasida tashkil etildi, deb yozadi viloyat hokimligining axborot xizmati o‘zining telegramm kanalida.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov “Zakovat” intellektual o‘yini ishtirokchilari bilan uchrashib, yoshlarning bilim va salohiyati, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda Uchinchi Renessans poydevorini yaratayotgan intellektual avlod haqida fikr bildirdi.

– “Zakovat” klubi nafaqat bilim maydoni, balki yoshlarni fikrlashga, izlanishga, tezkor qaror qabul qilishga undaydigan muhim ma’naviy-ma’rifiy maktab,– deydi viloyat hokimi. – Bugun klubga a’zo bo‘lishni istovchi yoshlar soni ortib borayotgani ham mamlakatda yoshlar siyosatiga qaratilayotgan e’tibor va amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir.

“Zakovat” intellektual o‘yinlari har payshanba kuni turli hududlarda tashkil etilmoqda. Endi viloyat miqyosida “Viloyat hokimi”, “Viloyat prokurori”, “DXX viloyat boshqarmasi boshlig‘i” kuboklarini tashkil etish takliflari kirtildi.

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning o‘zi ham “Zakovat” intellektual o‘yinida ishtirok etayotgan hokimlik jamoasi tarkibida bellashuvda qatnashdi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA