Xalqaro investorlarning O‘zbekistonga ishonchi ortmoqda (+video)
Kecha poytaxtimizdagi “Hilton” mehmonxonasida O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) IPO jarayonlari va uning natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ma’lum qilinishicha, IPO doirasida qariyb 603,6 million AQSH dollari jalb qilingan. Investorlar tomonidan bildirilgan umumiy talab esa 2,8 milliard dollardan oshib, buyurtmalar to‘rt baravardan ko‘proq hajmda shakllangan. Bu O‘zbekiston kapital bozori tarixidagi eng yirik bitim sifatida qayd etildi.
Anjumanda O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshid Mustafoyev, “Templeton Asset Management” bosh ijrochi direktori Manraj Sexon, “Templeton Global Investments”ning Markaziy Osiyo bo‘yicha rahbari Marius Dan hamda xalqaro investitsiya kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
[gallery-29541]
Spikerlar mazkur IPO mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar va investitsion muhitga xalqaro ishonch ortib borayotganining amaliy ko‘rsatkichi ekanini ta’kidladi.
– O‘zbekiston juda kuchli iqtisodiyot va resurslarga ega hamda kompaniyalarga uzoq muddatli istiqbolda sarmoya kiritish uchun o‘sish imkonini beradigan platformani taqdim eta oladi, bu esa hamkorlik uchun juda muhim, -dedi “Templeton Asset Management” bosh ijrochi direktori Manraj Sexon.
Ta’kidlanishicha, IPOning ichki qismi doirasida 214,6 milliard so‘m yoki 17,7 million dollar mablag‘ jalb qilindi. Jarayonda 4 900 dan ortiq chakana investor ishtirok etgan bo‘lib, ularning aksariyati “Jett” investitsiya platformasi orqali qatnashgan.
Ma’lumot uchun: UzNIF 2024-yil avgust oyida davlatimiz rahbari farmoni asosida tashkil etilgan. Hozirda jamg‘arma portfeli qiymati 2,44 milliard dollarga baholanmoqda. Uning tarkibiga energetika, aviatsiya, bank, sug‘urta, telekommunikatsiya va transport sohalaridagi 13 ta strategik korxona ulushlari kiritilgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/vCadR04VNu4" title="Xalqaro investorlarning O`zbekistonga ishonchi ortmoqda " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Sodiqov, F.Yaxshiboyeva, F.Abdurasulov (surat), N.Abduvoitov (video), O‘zA