Sintetik giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi
So‘nggi yillarda yoshlar salomatligi hamda jamiyat xavfsizligiga jiddiy tahdid solayotgan sintetik giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Ayniqsa, tarkibida o‘ta xavfli kimyoviy birikmalar mavjud bo‘lgan “Spays” kabi sintetik giyohvand moddalar inson organizmiga kuchli salbiy ta’sir ko‘rsatib, og‘ir va qaytarib bo‘lmas oqibatlarga olib kelishi bilan alohida xavf tug‘diradi.
Ana shunday qonunbuzilishlarning oldini olish maqsadida Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari, viloyat DXX hamda IIB xodimlari tomonidan hamkorlikda Hazorasp tumani hududida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida ushbu tumanda yashovchi fuqaroning xonadoni belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda, jami 57 ta o‘ramda, umumiy og‘irligi 146 gramm bo‘lgan “Spays” sintetik giyohvandlik vositalari saqlab kelinayotgani aniqlandi.
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
A.Shokirov, O‘zA muxbiri