Urganch davlat universitetida qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yilmoqda
Xitoyning XCMG kompaniyalar guruhi Global ta’lim va o‘qitish markazi direktori Chjan Lina hamda Xuzhou texnika universiteti vitse-prezidenti Xuan Chuanxuyey boshchiligidagi delegatsiya hamkorlikning amaliy bosqichlarini muhokama qilish maqsadida Urganch davlat universitetiga tashrif buyurdi.
Universitet rektori Feruza Madrahimova ishtirokida o‘tkazilgan rasmiy muzokaralarda qo‘shma ta’lim dasturining tashkiliy va akademik jihatlari muhokama qilinib, talabalarni tayyorlash, amaliyot jarayonlarini samarali tashkil etish hamda sanoat va ta’lim integratsiyasini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrif davomida delegatsiya vakillari Texnika fakultetidagi zamonaviy laboratoriyalar, ilmiy-innovatsion loyihalar va talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, qo‘shma dastur asosida tahsil olishi rejalashtirilayotgan talabalar bilan uchrashuv tashkil etilib, ularga ta’lim dasturining afzalliklari, XCMG korxonalarida amaliyot o‘tash imkoniyatlari hamda kelgusida xalqaro kompaniyalarda faoliyat yuritish istiqbollari haqida batafsil ma’lumot berildi.
– Joriy yilning 17-18-iyun kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “XCMG Group” o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolangan edi, – deydi universitet rektori Feruza Madrahimova. – Ushbu kelishuv asosida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti, Xuzhou texnika universiteti va XCMG kompaniyalar guruhi o‘rtasida uch tomonlama shartnoma ham imzolandi. Mazkur shartnomaga muvofiq, 2026-2027 o‘quv yilidan boshlab texnika va mashinasozlik yo‘nalishlarida “2+1+1” qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Dastur xalqaro standartlarga mos, zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan bo‘lib, unda dual ta’lim tizimi asosiy yo‘nalish sifatida belgilangan.
Mazkur hamkorlik Urganch davlat universitetining xalqaro aloqalarni yanada kengaytirish, ta’lim sifatini oshirish va mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash borasida olib borayotgan faoliyati natijalaridan biridir.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat)
O‘zA muxbirlari