Xalqaro hamkorlikning yangi bosqichi
Qadimiy va navqiron Buxoro shahri yana bir nufuzli xalqaro anjumanga mezbonlik qildi. Buxoro davlat texnika universitetida “Global raqobatbardoshlik uchun O‘zbekiston – Turkiya oliy ta’lim hamkorligini rivojlantirish” mavzusida To‘rtinchi O‘zbekiston – Turkiya rektorlar forumi yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur forum ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, universitetlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda xalqaro akademik integratsiyani yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi muhim maydon sifatida ahamiyat kasb etdi.
Anjumanda O‘zbekiston va Turkiyaning 60 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, rektorlar, prorektorlar, professor-o‘qituvchilar, olimlar va xalqaro ekspertlar ishtirok etishib, zamonaviy ta’lim tizimidagi ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashdilar. Forum doirasida oliy ta’lim sohasidagi islohotlar, global raqobat muhitida universitetlar nufuzini oshirish, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini kuchaytirish va innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
[gallery-29552]
Forumning rasmiy ochilish marosimida Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Adilov, Turkiya Respublikasi Oliy ta’lim kengashi a’zosi Erol Archakliog‘lu va boshqalar ishtirok etib, ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidladi. Nutqlarda ta’lim sohasidagi hamkorlik nafaqat kadrlar tayyorlash, balki innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish va yoshlarni xalqaro standartlar asosida bilimli mutaxassis etib tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Shundan so‘ng forum doirasida plenar sessiyalar tashkil qilinib, unda universitetlar rahbarlari o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdilar. Ma’ruzalarda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt texnologiyalari, muhandislik ta’limi, “yashil iqtisodiyot”, ilmiy-tadqiqot loyihalari hamda xalqaro reytinglarda universitetlar o‘rnini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Forumning eng muhim yo‘nalishlaridan biri O‘zbekiston va Turkiya universitetlari o‘rtasida amalga oshirilayotgan muvaffaqiyatli hamkorlik loyihalari taqdimoti bo‘ldi. Xususan, qo‘shma ta’lim dasturlari, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, ikki diplomli ta’lim tizimi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar hamda innovatsion startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha istiqbolli tashabbuslar muhokama qilindi.
Tadbir davomida qator universitetlar o‘rtasida hamkorlik memorandumlari va shartnomalar imzolanib, bu ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi. Ushbu kelishuvlar kelgusida qo‘shma fakultetlar tashkil etish, xalqaro laboratoriyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va talabalar uchun keng akademik imkoniyatlar yaratishga zamin bo‘ladi.
Mazkur nufuzli forum Buxoroning nafaqat tarixiy va madaniy markaz, balki xalqaro ta’lim va ilm-fan muloqoti maydoni sifatidagi nufuzini yanada oshiradi. Shu bilan birga, anjuman O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, strategik sheriklik va akademik hamkorlikning yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladigan muhim qadam sifatida e’tirof etildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari