Sut va tuxum mahsulotlari bo‘yicha ehtiyoj to‘liq o‘zimizda qoplanmoqda (+video)
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zLiDeP fraksiyasi tashabbusi bilan navbatdagi “Hukumat soati” bo‘lib o‘tdi. Unda “Mamlakatimizda chorvachilik sohasini rivojlantirish, veterinariya xizmatlari ko‘rsatish sifatini oshirish va yaylov yerlaridan samarali foydalanish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning natijadorligi to‘g‘risida”gi masala yuzasidan deputatlarning savollariga qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov javob berdi.
Vazir axborotida ta’kidlanganidek, chorvachilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada oshdi. Xususan, 2025-yilda chorvachilik mahsulotlarining yalpi qishloq xo‘jaligidagi ulushi 53 foizni tashkil etib, 2017-yilga nisbatan 4,1 barobar o‘sgan.
Naslchilikni yaxshilash uchun xorijdan 217 ming bosh qoramol va 282 ming bosh qo‘y-echki olib kelindi. Jumladan, Mo‘g‘ulistondan 100 ming boshdan ortiq “Bayat” zotli qo‘ylar import qilinib, parvarish yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda xo‘jaliklarda 13 million 565 ming bosh qoramol, 24 million 47 ming bosh qo‘y-echki hamda 97 million 932 ming bosh parranda mavjud.
2025-yilda respublika bo‘yicha qariyb 3 million tonna go‘sht, 12,6 million tonna sut va 9,5 mlrd. dona tuxum ishlab chiqarilgan. Shuningdek, ichki bozorda go‘sht narxini barqarorlashtirish maqsadida joriy yilda 87,4 ming tonna go‘sht import qilinib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 28 foizga oshgan. Pokiston, Hindiston va Belarusdan go‘sht mahsulotlarini tezkor yetkazib berish yo‘lga qo‘yilgan.
“Hukumat soati”da mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan yetishtirilayotgan sut va tuxum mahsulotlari ichki ehtiyojni to‘liq qoplab berayotgani alohida ta’kidlandi.
Veterinariya xavfsizligini ta’minlash maqsadida esa respublikaning bufer hududlaridagi 82 ta tumanda 8 mln. boshdan ortiq chorva mollari, 14 mln. boshdan ziyod parrandalar yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlangan.
Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish borasida jami 15,8 million gektar yaylov xatlovdan o‘tkazilib, ularning raqamli xaritalari yaratilgan. 5 million gektardan ziyod yaylov maydonlari chorvachilik sub’ektlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berilgan.
Muhokamalar davomida deputatlar chorvachilikda ozuqa bazasi, naslchilik, qayta ishlash va eksport imkoniyatlarini kengaytirish, ichki bozorda go‘sht va sut mahsulotlari narxlarini barqaror saqlash, veterinariya xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish hamda eksportbop mahsulotlar ulushini ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Xalq vakillari tomonidan bir qator savollar o‘rtaga tashlandi. Xususan, mahalliy bozorlarimizda go‘sht narxlarining oshib borayotgani, buning sabab va omillari, shuningdek, qushxonalarda sanitariya talablariga qay darajada e’tibor qaratilayotgani kabi bir qator masalalar ko‘tarildi.
Deputatlarning savollariga tegishli javoblar qaytarildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/4R2VD8eUg4E" title="Sut va tuxum mahsulotlari bo`yicha ehtiyoj to`liq o`zimizda qoplanmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova, Doniyor Yoqubov, Iskandar Ismatov (video), O‘zA