Xalqaro hamkorlikdan umidlar katta
OKMK yirik investitsiyaviy loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etish hamda samarali xalqaro andozalardan unumli foydalanish maqsadida dunyoning yetakchi xorijiy korxonalari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatib kelmoqda.
Xususan, kombinatga Xitoy tog‘-kon sanoatining eng yirik va nufuzli vakillaridan biri – “China Nonferrous Metal Industry’s Foreign Engineering and Construction Co., Ltd. (NFC)” kompaniyasi vakillari tashrif buyurdi.
Dastavval mehmonlar malakali kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan OKMK Muhandislik maktabida bo‘lib, u yerda tinglovchilar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirishdi va dual ta’lim tizimi haqidagi savollariga mutaxassislardan batafsil javob oldi. Qalmoqqir va “Yoshlik-1” konlarida amalga oshirilayotgan ma’danlarni qazish hamda tashish jarayonlari delegatsiya a’zolarining katta qiziqishiga sabab bo‘ldi.

OKMK va Xitoy kompaniyasi rahbarlari o‘rtasidagi uchrashuv davomida tog‘-kon sanoatida innovatsion texnologiyalarni qo‘llash, investitsiyaviy loyihalarni birgalikda moliyalashtirish va yangi ob’ektlarni barpo etish masalalari muhokama qilindi. Xorijlik mehmonlar OKMKning ulkan ishlab chiqarish salohiyatini yuqori baholashib, konlarni o‘zlashtirishda zamonaviy muhandislik yechimlarini taqdim etishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

– Biz bundan ikki yil avval OKMKga kelib, faoliyati bilan tanishgan edik, – deydi “NFC” Xitoy kompaniyasi bosh direktori Tan Yaoyu. – Bu gal ham guvohi bo‘ldikki, shu qisqa vaqt ichida ulkan loyihalar amalga oshirilibdi. Ayniqsa, yangi konlarning o‘zlashtirilishi bizni hayratga soldi. O‘ylaymizki, kompaniyalarimiz o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari asosida sizning bilim va imkoniyatlaringiz, bizning tajribamiz uyg‘unlik kasb etadi. Kelgusida ma’dan qazib olish, boyitish va jarayonlarga ekologik xavfsiz texnologiyalarni joriy etish borasidagi hamkorlik munosabatlarini mustahkamlaymiz.

Shuningdek, poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ hamda Xitoy Xalq Respublikasining “China Nonferrous Metal Industry’s Foreign Engineering and Construction Co., Ltd.” kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi. Mazkur hamkorlik doirasida reagentlar ishlab chiqarishni birgalikda tashkil etish, ikkilamchi resurslarni qayta ishlash hamda ma’dan tarkibidan qimmatbaho metallarni ajratib olish kabi muhim yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilishi belgilandi.

OKMK va Xitoyning yetakchi NFC kompaniyasi o‘rtasidagi muloqot tog‘-kon sanoatida o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi. Dunyo miqyosida ulkan resurs va tajribaga ega korxona bilan turli yo‘nalishlardagi sheriklik kombinatning global metallurgiya bozoridagi mavqeini yanada mustahkamlaydi.
A.Musayev, O‘zA