Voleybolchi qizlarimiz Tailandda 2027-yilgi jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kurashadi
Bugun, 30-iyun kuni erta tongda voleybol bo‘yicha O‘zbekiston U18 qizlar terma jamoasi Tailandda bo‘lib o‘tadigan U18 Osiyo chempionatida ishtirok etish uchun jo‘nab ketdi.
Yosh voleybolchilarimizni oldinda qit’aning eng kuchli jamoalariga qarshi muhim sinovlar kutmoqda.

Osiyo chempionatiga tashlangan qur’a natijasiga ko‘ra, hamyurtlarimiz Tailand, Avstraliya, Mo‘g‘uliston jamoalari bilan “A” guruhdan joy olgan bo‘lsa, “B” guruhida Xitoy, Qozog‘iston, Gongkong, Qirg‘iziston, “S” guruhida Yaponiya, Eron, Filippin, Indoneziya, “D” guruhida Janubiy Koreya, Xitoy Taypeyi, Hindiston, Vetnam jamoalari kuch sinashadi.

Chempionat o‘yinlari 1-7-iyul kunlari o‘tkazilsa, mazkur birinchilikda eng yaxshi natijaga erishgan 4 ta milliy terma jamoa 2027-yili U19 qizlar jamoalari o‘rtasida tashkil etiladigan jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA