Farg‘onalik atletlar medal jamg‘arishda birinchi
Poytaxtimizda yengil atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionati mamlakatning eng kuchli atletlarini saralab berish bilan birga, hududlarda ushbu sport turining rivojlanish darajasi va raqobat muhitini ham yaqqol namoyon etdi.
Musobaqaning yakuniy medallar jadvaliga ko‘ra, Farg‘ona viloyati yana bir bor yetakchilik salohiyatini tasdiqladi. Farg‘onalik sportchilar 8 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Ikkinchi o‘rindan Toshkent shahri joy oldi. Poytaxt vakillari 6 ta oltin, 8 ta kumush va 8 ta bronza, jami 22 ta medalni qo‘lga kiritib, chempionatda eng ko‘p sovrin jamg‘argan jamoaga aylandi. Bu esa jamoaning tarkib jihatidan kengligi va turli yo‘nalishlarda barqaror natija qayd etganidan dalolat beradi.
Uchinchi o‘rinni Samarqand viloyati egalladi. Samarqandlik atletlar 6 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza medalga sazovor bo‘ldi. Toshkent viloyati ham 6 ta oltin va 5 ta kumush medal hamda 1 ta bronza bilan to‘rtinchi pog‘onadan joy oldi.

Kuchli beshlikni Sirdaryo viloyati yakunladi. Sirdaryolik sportchilar 4 ta oltin, 7 ta kumush va 6 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, jamoaning raqobatbardoshligini yana bir bor namoyon etdi.
Qashqadaryo viloyati (3–7–5), Surxondaryo viloyati (3–3–1) va Navoiy viloyati (3–2–2) ham oltin medallar soni bo‘yicha yuqori natija qayd etib, kuchli sakkizlikdan o‘rin oldi. Namangan viloyati (2–3–4) va Andijon viloyati (2–1–3) esa birinchi o‘ntalikni yakunladi.
Buxoro viloyati hisobida 1 ta oltin va 2 ta bronza medal mavjud bo‘lsa, Xorazm viloyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakillari bittadan kumush medalni qo‘lga kiritdi. Jizzax viloyati esa chempionatni 2 ta bronza medal bilan yakunladi.

Umuman, chempionat natijalari hududlarda yengil atletikaning ommalashuvi va raqobat muhiti tobora kuchayib borayotganini ko‘rsatdi. Medallar geografiyasining kengayib borayotgani mamlakatda iqtidorli atletlarni saralash, milliy terma jamoa uchun munosib nomzodlarni aniqlash hamda xalqaro maydonlar uchun mustahkam zaxira shakllanayotganining amaliy ifodasi bo‘ldi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar, shuningdek, ularning murabbiylari tantanali ravishda taqdirlandi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA