Voleybol: Markaziy Osiyo jamoalari uchun Olimpiadaga yo‘l Toshkentdan boshlanadi
Joriy yilning 25–27-iyul kunlari poytaxtimiz Toshkentda erkaklar jamoalari o‘rtasida sohil voleyboli bo‘yicha o‘tadigan CAVA chempionati Markaziy Osiyoning kuchli terma jamoalarini aniqlash bilan birga 2028-yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlari uchun zarur bo‘ladigan reyting ballarini taqdim etadi.
Nufuzli musobaqada Markaziy Osiyoning kuchli terma jamoalari nafaqat chempionlik, balki xalqaro maydondagi muhim reyting ochkolari uchun ham kurash olib boradi.
Ushbu ochkolar kelgusida 2028-yili Los-Anjelesda o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlari saralash bosqichlari uchun imkoniyatlar eshigini ochib berishi bilan ahamiyatli sanaladi.
Toshkent sport maydonlarida tashkil etiladigan CAVA chempionatida 1 va 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoalar sohil voleyboli bo‘yicha Osiyo chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
Ayni kunlarda Sport vazirligi, O‘zbekiston voleybol federatsiyasida ushbu nufuzli musobaqani har jihatdan yuqori saviyada tashkil etish borasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
T. Ro‘ziyev, O‘zA