Vazir chigit ekish jarayonlari bilan tanishdi
O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlar jarayoni, sohada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish va o‘rganish maqsadida Andijon viloyatida bo‘ldi.
Vazir dastlab Bo‘ston tumanidagi “Shermuhammad Abdullayev” fermer xo‘jaligida bo‘lib, xo‘jalik dalalarida chigit ekish jarayonlari, bu boradagi ishlarning borishi bilan tanishdi.

Ayni kunda mazkur fermer xo‘jaligida 34 gektar maydonda chigit ekish ishlari olib borilmoqda. E’tiborlisi, yer maydonining deyarli yarmida ilg‘or agrotexnologiya – rangli plyonka ostiga chigit ekish tajribasi joriy etilmoqda. Yangi texnologiya asosida ekish ishlari belgilangan agrotexnik talablar asosida olib borilmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, rangli plyonka ostiga chigit ekilganida, tuproqdagi namlik uzoqroq saqlanadi, shu bilan birga, ko‘chat rivojlanishi tezlashadi, hosildorlikning ortishi va mahsulot sifatining yaxshilanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Xususan, qizil va yashil plyonka ostida yetishtirilgan paxtada tola uzunligi 5 millimetrgacha ortishi, ko‘saklar sonining ko‘payishi va umumiy hosildorlik sezilarli darajada ko‘tarilishi kuzatiladi.
Shuningdek, vazir tumandagi qator dehqon va fermer xo‘jaliklarida bo‘lib, olib borilayotgan ishlar, ekinlar parvarishi, suvdan oqilona foydalanish hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni amaliyotga joriy etilishi borasidagi ishlarni ham ko‘zdan kechirdi.

Qishloq xo‘jaligi xodimlari, mutaxassislar, fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan muloqotda plyonka ostiga chigit ekishning afzalliklari, agrotexnik tadbirlarni puxta va o‘z vaqtida o‘tkazish, paxtani erta yetishtirish, hosildorlikni, umuman, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish xususida so‘z yuritildi.
O‘rganish davomida vazir Andijon shahridagi chigit ekishda foydalaniladigan polietilen plyonka ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Vodiy oltin plats” korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi.

Talab va ehtiyojdan kelib chiqib, joriy yilda o‘z faoliyatini boshlagan mazkur korxonada qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sifatli polietilen plyonkalar ishlab chiqarilmoqda. Korxona kuniga 10-15 tonnagacha mahsulot tayyorlash quvvatiga ega.
Ayni paytda Xitoy davlatidan keltirilgan zamonaviy texnologiyalardan foydalanilgan holda 10 nafardan ortiq ishchi mehnat qilayotgan ushbu korxonada asosan, 0,12–0,15 mikron qalinlikdagi polietilen plyonkalar ishlab chiqarilmoqda.

Vazir korxona faoliyatiga yuqori baho berib, chigit ekish jarayonida fermer xo‘jaliklarga o‘z vaqtida sifatli polietilen plyonkalar yetkazib berish muhimligini ta’kidlab, ishlarni yanada samarali tashkil etish bo‘yicha o‘zining takliflarini berdi.
F.Ubaydullayev, O‘zA.