O‘zbekiston florasiga mansub o‘simliklar tarkibi Germaniyada o‘rganiladi
o‘simliklar
Zamonaviy tibbiyot qanchalik rivojlanmasin, dori vositalarining qariyb 40 foizi o‘simlik xom ashyosidan olinadi. Dorivor nafaqat kasallikni davolash, balki sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda ham beqiyos ahamiyatga ega.
Zaminimiz – ming bir dardga davo bo‘luvchi giyohlar xazinasi. Abu Ali ibn Sino bobomiz o‘z vaqtida 800 dan ortiq dorivor o‘simliklarning xususiyatlarini ta’riflab bergan bo‘lsa, bugungi kunda yurtimiz florasida to‘rt yarim mingdan ortiq o‘simlik turi mavjud. Ularning 1,2 mingdan ziyodi dorivor xususiyatga ega.

Mamlakatimizda xalq tabobati va zamonaviy farmatsevtikaning integratsiyasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Dorivor o‘simliklarni madaniylashtirish, plantatsiyalar tashkil etish va ularni sanoat usulida qayta ishlash iqtisodiyotning yangi drayverlaridan biriga aylanmoqda.
Dunyo miqyosida «fitoterapiya» bozori yiliga10-15 foizga o‘sib bormoqda. Germaniya, Fransiya va Xitoy kabi davlatlar o‘simlik asosidagi dorilarni yaratishda yetakchilik qilmoqda. Ayniqsa, Germaniya tajribasi diqqatga sazovordir. U yerda dorivor o‘simliklarni standartlashtirish va ularning kimyoviy tarkibini molekulyar darajada o‘rganish bo‘yicha eng kuchli maktablar shakllangan.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish yo‘nalishida muhim qadam tashlandi. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda Germaniyaning nufuzli Philipps-Universität Marburg universiteti vakillarining onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar markazida Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston hududida o‘suvchi noyob dorivor o‘simliklarni ilmiy asosda o‘rganish va ularni global farmatsevtika bozoriga olib chiqish masalasi turdi.
Hamkorlik doirasida O‘zbekiston florasiga mansub o‘simliklar tarkibi Germaniya laboratoriyalarida yuqori texnologiyalar asosida tekshiriladigan bo‘ldi.
Shuningdek, kelishuvga ko‘ra, tabiiy manbalardan yuqori samaradorlikka ega dori vositalari uchun xom ashyo (substansiyalar) yaratiladi. Ikki davlat olimlari ishtirokida yurtimiz tog‘ va cho‘l hududlariga ilmiy safarlar uyushtiriladi. Mahalliy mutaxassislar uchun Germaniyada qisqa muddatli ilmiy stajirovkalar tashkil etiladi.
O‘zbekistonning boy tabiiy resurslari va Germaniyaning ilg‘or ilmiy salohiyati birlashishi natijasida yaratiladigan innovatsion dori vositalari kelajakda ko‘plab xastaliklarga samarali davo bo‘lishi shubhasiz. Ushbu hamkorlik zaminimizdagi oddiy giyohlarni jahon tan olgan shifobaxsh doriga aylantirish imkonini bersa, ajabmas.
Mohigul Qosimova, O‘zA