“Yopiq eshik” suratlarda aks etganda
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida rassom Umar Rajabovning “Yopiq eshik” nomli shaxsiy ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmada rassomning so‘nggi ikki yil ichida yaratgan yangi ishlari namoyish etilmoqda.

Tadbirda qayd etilganidek, ushbu ko‘rgazma rassomning yettinchi marotaba o‘tkazilayotgan shaxsiy ko‘rgazmasi hisoblanadi va ijodiy yo‘lining yangi bosqichini anglatadi. Bu endi shunchaki an’anaga murojaat emas, balki tarixni shaxsiy tajriba va kasbiy o‘sish prizmasi orqali qayta idrok etayotgan rassomning yetuk va mukammal nigohidir.
Umar Rajabovning yangi ko‘rgazmasi tarixiy xotiraning badiiy tadqiqotidir. “Yopiq eshiklar” obrazi markaziy metafora - yo‘qolgan bilimlar, unutilgan davrlar va zamonaviylikka ta’sir ko‘rsatishda davom etayotgan madaniy qatlamlarning ramziga aylanadi.

Asarlarda Markaziy Osiyoning qadimiy mintaqasi, madaniyat va ilm-fan beshigi, “ming qal’alar mamlakati” bo‘lgan Xorazmga alohida e’tibor qaratilgan. Amudaryoning quyi oqimidagi noyob sug‘orish tizimi tufayli shakllangan bu makon madaniy kod va rassomning ilhom manbai sifatida namoyon bo‘ladi.

Ko‘rgazma 10-maygacha davom etadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA