Vatan himoyasi ishonchli qo‘llarda
Bugungi shiddatli zamon yosh avloddan nafaqat yuksak bilim va intellektual salohiyatni, balki mustahkam iroda, jismoniy chiniqish va Vatan taqdiriga daxldorlik hissini ham talab etmoqda. Ana shu maqsad yo‘lida Sirdaryo viloyatining 600 nafarga yaqin o‘quvchi yoshlari ishtirokida Toshkent harbiy okrugiga qarashli “Angren” dala-o‘quv maydonida o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotlar chinakam mahorat maktabiga aylandi.
“Yoshlar – Vatan himoyachilari safida” shiori ostida tashkil etilgan ushbu yirik tadbir viloyatning barcha hududlaridan saralab olingan, harbiy sohaga ishtiyoqi baland o‘g‘il-qizlarni bir maqsad yo‘lida birlashtirdi.

Dala-o‘quv maydonidagi qizg‘in jarayonlar yoshlar uchun nafaqat harbiy hayot bilan yaqindan tanishish, balki o‘z imkoniyatlarini amalda sinab ko‘rish imkonini berdi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi va Mudofaa ishlari boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan mashg‘ulotlar davomida o‘quvchilar o‘q otar qurollarni qismlarga ajratish va yig‘ish, granatani belgilangan masofaga aniq uloqtirish kabi murakkab vazifalarni mahorat bilan bajardi. Har bir harakatda aks etgan intizom va mas’uliyat yoshlar qalbida harbiy xizmatga bo‘lgan hurmat va qiziqishning naqadar yuqori ekanidan dalolat beradi. Malakali mutaxassislar tomonidan berilgan harbiy-taktik saboqlar esa ishtirokchilarning soha haqidagi tasavvurlarini yanada kengaytirdi.

Bu kabi amaliy tadbirlarning mohiyati shunchaki jismoniy mashqlar bilan cheklanib qolmaydi. Mutaxassislar ta’kidlaganidek, bevosita harbiy poligon sharoitida o‘tkazilgan bunday chiqishlar yoshlarda qat’iyatlilik, jamoada ishlash ko‘nikmasi va eng muhimi, yurt himoyasidek muqaddas burchni anglash hissini shakllantiradi.

–Bunday amaliy mashg‘ulotlar yoshlarning harbiy sohaga qiziqishini oshirish bilan birga, ularda Vatan oldidagi burchni anglash, intizom va mas’uliyat hissini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega, — dedi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati kengashining harbiy qism va muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘limi boshlig‘i, kapitan Furqatjon Azimov. — Eng asosiy maqsad yoshlarni jismonan baquvvat, ma’nan yetuk va Vatan taqdiriga daxldorlik hissi yuksak bo‘lgan avlod sifatida tarbiyalashdir.

Bevosita harbiy muhitda o‘tgan mashg‘ulotlar ko‘plab o‘quvchilarda kelajakda harbiy kasbni tanlash istagini yanada mustahkamladi. Maxsus harbiy kiyim va zamonaviy qurol-aslahalar bilan bevosita tanishish jarayonida o‘quvchilarning ko‘zidagi shijoat ularning ertangi kunimizning ishonchli himoyachilari bo‘lib kamol topayotganini tasdiqladi.
Amaliy mashg‘ulotlarda toblangan yoshlar kelajakda yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini himoya qilishda albatta munosib voris bo‘lib maydonga chiqadi. Zero, bunday tadbirlar yoshlar qalbida yurt taqdiriga daxldorlik hissini uyg‘otib, ularni yuksak maqsadlar sari ruhlantirishda muhim ahamiyatga ega.
G‘ulom Primov, O‘zA