“UzChess Cup III”: Toshkentda Abdusattorov, Erigaisi, Nepomnyashiy va boshqalar bellashadi
O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi xabariga ko‘ra, joriy yilning 6-16-iyun kunlari Toshkentda tashkil etiladigan “UzChess Cup III” turnirining “Masters” guruhida ishtirok etadigan shaxmatchilar nomi ma’lum bo‘ldi.
Unga ko‘ra, umumiy mukofot jamg‘armasi 121 ming 500 AQSH dollaridan iborat turnirning kuchlilar musobaqasida hamyurtlarimiz Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Muhiddin Madaminov, hindistonlik Arjun Erigaisi, Vidit Gujrat, rossiyalik Yan Nepomnyashiy, AQSHlik Hans Niyemann, ozarbayjonlik Shahriyor Mamedyarov, gretsiyalik Nikolas Teodoru bahs olib boradi.
Musobaqalar shuningdek, “Challengers” va “Futures” guruhlarida aylanma, “Open” guruhida esa shveysarcha tizimda o‘tkazilishi belgilandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA