Ustozga ehtirom — shogirdlarga ibrat
Xatirchida taniqli pedagog, tajribali maktab direktori Toshmamat Egamberdiyev bilan “Ustoz-shogird” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi 44-umumta’lim maktabida taniqli pedagog, uzoq yillar ta’lim-tarbiya sohasida samarali faoliyat yuritgan, ko‘plab shogirdlar yetishtirgan Toshmamat Egamberdiyev bilan “Ustoz-shogird” uchrashuvi tashkil etildi.
Tadbirda tuman nuroniylar kengashi rahbari Ibodulla Mustafoyev, Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi raisi G‘ofur Aliyev, tuman hokimi o‘rinbosari Madamin Abdullayev, tuman Ma’naviyat va ma’rifat bo‘linmasi rahbari Ma’rufjon Mahmudov, maktab direktori Qodir Egamberdiyev, ustozning hamkasblari, shogirdlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.


Uchrashuv avvalida ustozning hayot yo‘li, pedagogik faoliyati va ta’lim sohasiga qo‘shgan hissasini aks ettiruvchi videolavha namoyish etildi. Unda Toshmamat Egamberdiyevning ko‘p yillik mehnat faoliyati, ustozlik maktabi va shogirdlari bilan bog‘liq xotiralar o‘z ifodasini topdi.Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar ustozning yuksak pedagogik mahorati, fidoyidagi va kasbiga bo‘lgan sadoqatini alohida e’tirof etdilar.
Xususan, uning maktab direktori sifatida faoliyat yuritgan davrida ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilar bilimini mustahkamlash va yoshlarning kelajakda munosib o‘rin egallashi yo‘lida amalga oshirgan ishlari haqida iliq fikrlar bildirildi.
Shuningdek, Toshmamat Egamberdiyevning o‘quvchilarni test sinovlariga tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yishdagi tashabbuslari, repetitorlik kurslarini tashkil etib, yoshlarning bilim va salohiyatini oshirishga qo‘shgan hissasi ham alohida ta’kidlandi. Ustozning hamkasblari Sa’dulla Beknazarov, Muhabbat Qarshiyeva va Safiya To‘rayeva o‘z xotiralari bilan o‘rtoqlashib, uning insoniy fazilatlari, kasbiy tajribasi hamda ta’lim yo‘lidagi fidokorona mehnati haqida so‘z yuritdilar.

Turli vazirlik va idoralarda faoliyat yuritayotgan shogirdlari esa ustozning hayotlarida tutgan o‘rni, bergan saboqlari va kasbiy shakllanishlariga ko‘rsatgan ta’sirini minnatdorlik bilan yodga oldilar. Ayniqsa, Toshmamat Egamberdiyevning nemis tilidan bergan saboqlari, murakkab grammatik qoidalarni ham sodda, tushunarli va esda qolarli tarzda o‘rgatish mahorati alohida e’tirof etildi.Uchrashuvda ustozning nafaqat bilim beruvchi pedagog, balki shogirdlariga hayot yo‘lini ko‘rsatgan, ularda mehnatsevarlik, intilish va mas’uliyat tuyg‘ularini shakllantirgan murabbiy sifatidagi xizmatlari haqida ham so‘z bordi.
Tadbirning badiiy qismida ustoz sharafiga she’rlar o‘qilib, dilga yaqin kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Samimiy muloqot davomida Toshmamat Egamberdiyev o‘zining ko‘p yillik pedagogik tajribasi bilan o‘rtoqlashib, yoshlarga ilm olish, kasbga sadoqatli bo‘lish va hayotda doimo izlanishda davom etish yuzasidan qimmatli maslahatlarini berdi.

Yakunida ustozga tashakkurnoma, guldasta va esdalik sovg‘alari topshirildi. Ishtirokchilar bilan birgalikda esdalik suratiga tushildi.
Mazkur uchrashuv ustoz va shogird o‘rtasidagi mehr-oqibat, ehtirom va ma’naviy vorislik rishtalarini yanada mustahkamlash, fidoyi pedagoglarning ibratli hayot yo‘lini yosh avlodga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Hamroz Bayonov,O‘zA