Kadastr sohasi rahbarlari yoshlar bilan muloqot qildi
Farg‘ona davlat texnika universitetida kadastr sohasi rahbarlari va talabalar ishtirokida «Rahbar va yoshlar» uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va malakali mutaxassislar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida yoshlarga kadastr tizimida amalga oshirilayotgan yangilanishlar, sohaning ustuvor vazifalari va istiqboldagi rejalar xususida ma’lumot berildi.
Xususan, yer va ko‘chmas mulk ob’ektlariga oid ma’lumotlarning aniqligi va ishonchliligini ta’minlash, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish hamda yer resurslarini oqilona boshqarish borasida olib borilayotgan ishlarga e’tibor qaratildi.
[gallery-32002]
Shuningdek, kadastr tizimi uchun zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash, ta’lim jarayonini amaliyot bilan uzviy bog‘lash, yosh mutaxassislarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Ochiq va samimiy ruhda kechgan uchrashuvda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan soha rahbarlariga murojaat qildi. Kadastr tizimida mehnat faoliyatini boshlash, kasbiy o‘sish imkoniyatlari, zamonaviy mutaxassislarga qo‘yilayotgan talablar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.
Ta’lim muassasasi va sohaviy tashkilotlar o‘rtasidagi bunday muloqotlar yoshlarning kasbga bo‘lgan qiziqishini oshirish, nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash hamda ularni mehnat bozori talablariga mos mutaxassis etib tayyorlashga xizmat qiladi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA