Termizda tungi maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi
Surxondaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan Termiz shahridagi buyum bozorida tungi maxsus-taktik o‘quv mashqi tashkil etildi. Unda favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda tezkor xizmatlarning hamkorlikda harakatlanishi va belgilangan vazifalarni bajarishga tayyorgarligi sinovdan o‘tkazildi.
Aholi gavjum savdo maskanlarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, ehtimoliy favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini tezkor bartaraf etish muhim ahamiyatga ega. Bu esa mas’ul xizmatlardan doimiy shaylik, o‘zaro hamjihatlik va puxta amaliy tayyorgarlikni talab etadi.
Shu maqsadda tashkil etilgan mashg‘ulotlar davomida bozor hududida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda holatlar shartli ravishda modellashtirilib, mas’ul xizmatlarning harakatlari amalda sinovdan o‘tkazildi.
[gallery-32017]
Xususan, shartli yong‘in sodir bo‘lgan vaziyatda kuch va vositalarni o‘z vaqtida jalb etish, yong‘in o‘chirish bo‘linmalarining tezkor harakatlanishi, xizmatlar o‘rtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirish hamda yuzaga kelgan holatni qisqa muddatda bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, shaxsiy tarkibning favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri va tezkor qaror qabul qilish, belgilangan vazifalarni izchil bajarish hamda mavjud kuch va vositalardan samarali foydalanish ko‘nikmalari baholandi.
Tungi sharoitda o‘tkazilgan mazkur o‘quv mashqi mas’ul xizmatlarning shayligini yana bir bor sinovdan o‘tkazish, o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va ehtimoliy xavf-xatarlarga o‘z vaqtida munosabat bildirish ko‘nikmalarini takomillashtirishga xizmat qildi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA