Ural Yusupov: “Geologiya sohasiga tashabbuskor yoshlar kerak”
Geologiya fanlari universitetida Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari Ural Yusupov yosh olimlar va tadqiqotchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Universitet professor-o‘qituvchilari, doktorantlar, yosh tadqiqotchilar va ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari ishtirok etgan tadbirda ilmiy faoliyatni rag‘batlantirish, yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda geologiya sohasida ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot avvalida Ural Yusupov mamlakatimiz taraqqiyotining muhim omillaridan biri sifatida ilm-fan va innovatsiyalarning ahamiyati tobora ortib borayotganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, geologiya sohasini zamon talablari darajasida rivojlantirish uchun bilimli, tashabbuskor va yangicha fikrlaydigan yosh kadrlar zarur.

– Bugungi kunda geologiya sohasi oldida yangi vazifalar turibdi. Tabiiy resurslarni chuqur o‘rganish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va yuqori samaradorlikka erishishda yosh olimlarning o‘rni beqiyos. Ilmiy natijalar faqat nazariy asos bo‘lib qolmasdan, ishlab chiqarish va iqtisodiyot ehtiyojlariga ham xizmat qilishi lozim. Shu bois, biz yosh tadqiqotchilarning g‘oyalari va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratyapmiz, – dedi U.Yusupov.
Shuningdek, vazir o‘rinbosari arxiv materiallari bilan ishlash imkoniyatlarini kengaytirish, tadqiqot ishlarini amaliyotga yaqinlashtirish va ilmiy faoliyat uchun yanada qulay muhit yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

Uchrashuvning savol-javob qismida yosh tadqiqotchilar foydali qazilmalar zaxiralarini baholashda zamonaviy 3D modellashtirish texnologiyalaridan foydalanish, neft va gaz konlari geologiyasi bo‘yicha tadqiqotlar, tuz konlarini o‘rganish istiqbollari hamda ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qator taklif va mulohazalarni bildirdi.
Bunday muloqotlar yoshlarning ilmiy salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni sohaning dolzarb masalalari yechimiga jalb etish hamda geologiya tarmog‘ining uzoq muddatli rivojiga xizmat qiladi. Tadbir yakunida yosh tadqiqotchilarning takliflarini amaliyotga joriy etish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ishlari izchil davom ettirilishi aytib o‘tildi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA