Chiqindidan elektr energiya olinadi
O‘zbekiston aholisi har yili salkam besh foizga, ishlab chiqarish korxonalari quvvati esa 10-15 foizga o‘sib bormoqda. Bu quvonchli, albatta. Ammo ... u kutilmagan muammolar ham keltirib chiqarmoqda. Masalan, maishiy va qurilish chiqindilarini olaylik. Ularning hajmi yuqoridagi ko‘rsatkichlardan ancha tez ortib bormoqda.
Farg‘ona viloyati bu muammoga yechim topgandek tuyuladi. Xitoyning "China Everbright International LTD" kompaniyasi bilan 2025-yilda qiymati 150 mln dollarlik loyiha yuzasidan shartnoma imzolangan edi. Farg‘ona tumani Oqbilol qishlog‘i xududidagi 10 gektar adirlikda Xitoy kompaniyasi o‘zining investitsiyaviy sarmoyasi asosida qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish korxonasini qurmoqda.






Mutaxassislarning aytishicha, yil yakunigacha zavodning birinchi bosqichi foydalanishga topshiriladi.
Aytish kerakki, chiqindini qayta ishlab turli xil qurilish materiallari, jumladan, quvur, o‘tga chidamli g‘isht, suniy pol qoplamalari olinishi ma’lum edi. Farg‘onadagi loyiha esa chiqindini elektr energiyasiga aylantiradigan noyob zavod deyish mumkin. U qanchalar samarador? Buni vaqt ko‘rsatadi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA