"Umra" ziyoratini tashkil etishni va’da qilib, fuqarolarni aldagan shaxslar ushlandi
Yurtimizda "Umra" ziyoratini tashkil etish, shuningdek, ziyoratchilar uchun munosib sharoitlar yaratish bilan bog‘liq faoliyatni tegishli litsenziya asosida, qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirishga ruxsat etilgan.
Mazkur faoliyatni amalga oshirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-oktabrdagi 668-son qarori bilan belgilangan.
Bu eca, uz navbatida, ziyoratchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning xavfsizligini ta’minlash hamda sifatli xizmatlardan foydalanishini kafolatlashni taminlashga xizmat qiladi.
Biroq, ayrim shaxslar fuqarolarning muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish istagidan g‘arazli maqsadlarda foydalanib, turli aldov usullari orqali ularning pul mablag‘larini qo‘lga kiritishga harakat qilmoqda.
Xususan, Andijon shahrida turizm faoliyati bilan shug‘ullanuvchi firma ish yurituvchisi firmada “Umra” ziyoratini tashkil etish uchun tegishli litsenziya mavjud bo‘lmaganiga qaramay, Baliqchi tumanida yashovchi 1999-yilda tug‘ilgan fuqaroning ishonchiga kirgan. U fuqaroning to‘rt nafar qarindoshini Saudiya Arabistoniga ziyorat safariga yuborishni va’da qilib, buning evaziga 4 ming 400 AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda firma ish yurituvchisi so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Bu kabi noqonuniy holat Farg‘ona viloyatida ham qayd etildi.

Xususan, Toshloq tumanida yashovchi 2007-yilda tug‘ilgan shaxs Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi 2 nafar fuqaroni Namangan viloyatida faoliyat yurituvchi sayyohlik firmasi orqali “Umra” ziyoratiga yuborishni va’da qilib, 2100 AQSH dollari talab qilgan.
Lekin, u oldindan 1000 AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan uning noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi.
Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hamroz Bayonov,
O‘zA