Joriy yilda davlat-xususiy sheriklik asosida 139 ta yangi "Ijtimoiy dorixona" ochildi
Mamlakatimizda aholini sifatli, arzon va barqaror dori-darmon vositalari bilan ta’minlash, ayniqsa, chekka va olis hududlarda yashovchi fuqarolarning ham zarur tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasi matbuot kotibi Kumush Pardayeva ishtirokida o‘tkazilgan brifingda shu haqda batafsil ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, respublika aholisini dori vositalari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida «Dori-darmon» AK hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri sog‘liqni saqlash boshqarmalari o‘rtasida poliklinika tipidagi tibbiyot muassasalarida davlat-xususiy sheriklik (DXSH) shartlari asosida «Ijtimoiy dorixona»larni tashkil etish bo‘yicha bitimlar imzolangan. Bunday tashabbuslar O‘zbekiston Respublikasining «Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonuni, Prezidentimizning 2019-yil 17-apreldagi hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari ijrosini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda «Dori-Darmon» kompaniyasi tizimida faoliyat yuritayotgan ijtimoiy dorixonalar soni 764 taga yetdi. Joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida DXSH shartlari asosida yana 139 ta yangi ijtimoiy dorixona va dorixona shoxobchalari tashkil etildi.
Ta’kidlanganidek, DXSH asosida «Ijtimoiy dorixona»larni tashkil etish yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, uzoq qishloq va mahallalarda yashovchi aholining dori vositalariga bo‘lgan ehtiyojini o‘z vaqtida qondirish hamda sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
– Kompaniya o‘z shoxobchalari orqali aholini ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratadi, – dedi K.Pardayeva. – Ayni paytda «Ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklarni davolashda qo‘llaniladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar ro‘yxati»ga jami 134 ta (shundan 128 ta dori vositasi va 6 ta tibbiy buyum) muhim vositalar kiritilgan bo‘lib, ularning uzluksizligi qat’iy nazorat qilib borilmoqda.
Mohigul Qosimova,
O‘zA