O‘zbekiston temir yo‘llari: Fransiya bilan raqamli transformatsiya bo‘yicha hamkorlik
"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ Fransiyaning Dassault Systèmes kompaniyasi bilan temir yo‘l sohasini raqamlashtirish bo‘yicha muhim muzokaralar o‘tkazdi. Ushbu hamkorlik mamlakat transport tizimida zamonaviy yechimlarni joriy etishga xizmat qiladi.
Yurtimizda olib borilayotgan ochiq va do‘stona siyosat natijasida bir qator nufuzli hamkorliklar yo‘lga qo‘yilmoqda. Xususan, temir yo‘l sohasida ham muhim xalqaro tajribalar o‘zlashtirilmoqda. Bu esa sohadagi ijobiy o‘zgarishlarda o‘z aksini topmoqda.
Shunday hamkorliklarning izchil davomi o‘laroq, «O‘zbekiston temir yo‘llari» vakillari Fransiyaning Dassault Systèmes kompaniyasi vakillari bilan temir yo‘l transporti sohasini raqamlashtirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda Dassault Systèmes kompaniyasining Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha direktori Mikele Lattere ham ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida temir yo‘l transporti faoliyatiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish va ekspluatatsion jarayonlarni optimallashtirish, shuningdek, boshqaruv samaradorligini oshirishga qaratilgan istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Tomonlar temir yo‘l sohasini raqamli transformatsiya qilish yo‘nalishida o‘zaro hamkorlik imkoniyatlari yuzasidan ham fikr almashdi.
Yakunda har ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lgan kelishuvlar va ularning amaliy harakatlari yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi. Bunday kelishuvlar mamlakatimiz aholisi uchun qulay transport yechimi bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Sherbek Islomov,
O‘zA