Toshkentdagi xalqaro media forum Britaniya nashri nigohida
O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh – yangi kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro media forum Buyuk Britaniyaning “The Light Newspaper” nashrida keng yoritildi.
Ta’kidlanishicha, zamonaviy jurnalistika, raqamli platformalar, sun’iy intellekt va turli axborot oqimlari tobora kuchayib borayotgan sharoitda Toshkent forumi alohida ahamiyat kasb etmoqda. U turli mamlakatlardan kelgan jurnalistlar, muharrirlar, media ekspertlar va madaniyat namoyandalarini birlashtirib, zamonaviy media hamda Markaziy Osiyoning boy tarixiy-intellektual merosi o‘rtasidagi bog‘liqlikni muhokama qilish uchun maydon yaratdi.
Muallif Raza Said o‘z maqolasida islom sivilizatsiyasi yutuqlari alohida bir mamlakat yoki mintaqaga emas, balki butun insoniyatning umumiy intellektual merosiga tegishli ekanini qayd etadi.
Tibbiyot, matematika, astronomiya, falsafa va me’morlik kabi sohalardagi ulkan hissa jahon taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa-da, bu tarix hali ham xalqaro auditoriyaga yetarli darajada tanish emas.
Shu nuqtai nazardan, muallif OAVning o‘rniga alohida urg‘u beradi. Jurnalistika, hujjatli filmlar, fotosuratlar, raqamli hikoya qilish usullari va yangi texnologiyalar tarixiy bilimlarni muzeylar va ilmiy muassasalar doirasidan chiqarib, keng auditoriyaga yetkazish imkonini beradi.
Maqolada O‘zbekiston bunday muloqot uchun ayni muddao makon ekani ta’kidlangan. Muhammad al-Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk allomalarning merosi turli madaniyat va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi ilmiy almashinuvning yorqin namunasi sifatida tilga olingan.
Toshkentda turli mamlakatlardan kelgan yuzlab media vakillarining bir joyga to‘planishi O‘zbekistonning sivilizatsiyalar chorrahasi sifatidagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatadi, deyiladi maqola yakunida.
D.HAKIMOV, O‘zA