Kanada va YeI: Trampga qarshi ittifoq tuziladimi?(+video)
Suverenitetmi yoki iqtisodiy manfaatlar? Kanada AQSH shartlarini rad etib, dunyoga muhim saboq berdi. Endi Yevropa Ittifoqi ham shunday og‘ir tanlov qarshisida turibdi.
Bu qarorning iqtisodiy oqibatlari hozircha aniq emas. Ko‘pchilik oqibatlarni jiddiy bo‘lishi ham mumkin demoqda. Ammo sobiq markaziy bank rahbari bir narsani, ya’ni Kanada o‘z suverenitetini iqtisodiy manfaatlarga almashtirishga tayyor emasligini ko‘rsatib qo‘ydi.
Kanada bosh vaziri Mark Karni Vashington taklif qilgan shartlarga ko‘nmadi. Uning aytishicha, bu shartlar Kanadada fransuz tilidan konstitutsiya bilan himoyalangan holda foydalanish imkoniyatini cheklaydi va mamlakatning boshqa davlatlar bilan mustaqil savdo kelishuvlari tuzish imkoniyatiga zarar yetkazadi.
Bu qaror Kanada uchun og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, qiymati 20 milliard dollarlik Kanada tovarlariga yuqori bojlar qo‘yilishi va taxminan 87 mingta to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamda bilvosita ish o‘rni xavf ostida qolishi mumkin. Vaziyat yanada yomonlashishi ehtimoli mavjud. Donald Tramp allaqachon Kanadaga qarshi yangi bojlar joriy etishini e’lon qildi. Bu esa o‘zaro javob choralari zanjirini yana kuchaytirmoqda.
Bu keskin qarama-qarshilik Yevropa Ittifoqi bilan bog‘liq savolni ham kun tartibiga olib chiqdi. Chunki YeI ham Tramp ma’muriyatining tobora kuchayib borayotgan talablari va muzokara usullariga duch kelmoqda. Vashington savdo taqchilligiga alohida urg‘u berib, do‘st davlatlar manfaatlaridan ko‘ra Amerika manfaatlarini ustun qo‘yish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanmoqda.
Yevropa Ittifoqi ham qachondir muzokaralardan butunlay chiqib, eshikni qattiq yopa oladimi?
Yevropa Ittifoqining Mark Karni kabi qat’iy qadam tashlashiga asosiy sabab, o‘z hududida qoidalarni belgilash va ularga rioya etilishini ta’minlash huquqini himoya qilish istagi.
Yevropaliklarning fikricha, Trampni tinchlantirish uchun allaqachon yetarlicha yon berishgan. Masalan, ular Yevropa tovarlariga 15 foizlik boj joriy etilishiga rozi bo‘lishdi.
Vashington xohishi bilan Yevropa qonunlarini o‘zgartirish esa taslim bo‘lish bilan barobar. Shuning uchun YeI rahbariyati bundan ortiq yon berishni istamayapti.
Yevropalik diplomatlarning aytishicha, Trampning Grenlandiya bo‘yicha kelishuvga erishishga urinishi barbod bo‘lgani va Eronga qarshi urushni bir tomonlama boshlagani, bu esa energiya bozorlarida uzoq muddatli beqarorlikni kuchaytirgani, Yevropa davlatlarining ochiqroq gapirish va AQSHga qarshi turishga tayyorligini oshirdi. YeIga yana bir ustunlik beradigan omil, uning iqtisodiy hajmi. Yevropa Ittifoqi dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiyoti hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, Yevropa Ittifoqining AQSHga qarshi turish uchun iqtisodiy kuchi va imkoniyatlari Kanadadan ancha katta. Ammo asosiy muammo iqtisodda emas — YeIning 27 davlati bir xil pozitsiyaga kelishida. Kanada Karni ortidan birlashdi. Yevropa esa hali Trampga qarshi yagona va qat’iy yo‘lni tanlay olgani yo‘q.
Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA