Toshkentda stol tennisi bo‘yicha Osiyo chempionati start oldi
Poytaxtimizdagi «Olimpiya shaharchasi»da stol tennisi bo‘yicha Osiyo chempionati bahslariga start berildi. Qit’aning nufuzli musobaqasida 33 davlatdan tashrif buyurgan sportchilar g‘oliblik uchun o‘zaro kuch sinashadi.
Mazkur chempionat Osiyoning eng kuchli stol tennischilarini bir maydonga jamlagani bilan ahamiyatlidir. Musobaqa ishtirokchilari orasida xalqaro maydonda yuqori natijalarga erishgan, jahon reytingida yetakchi o‘rinlar uchun kurashayotgan sportchilar ham bor. Xususan, yaponiyalik iqtidorli tennischi Sora Matsusima ham chempionatda ishtirok etmoqda.
Bellashuvlarda sportchilarning texnik mahorati, tezkorligi, aniq harakatlari va g‘alabaga bo‘lgan intilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Qizg‘in va murosasiz kechishi kutilayotgan bahslar stol tennisi ixlosmandlariga o‘ziga xos sport bayramini taqdim etishi shubhasiz.
Yirik xalqaro musobaqaning yurtimizda tashkil etilishi O‘zbekistonda sport infratuzilmasi rivojlanayotgani, nufuzli sport tadbirlarini o‘tkazish borasidagi imkoniyatlar kengayib borayotganining yana bir ifodasidir.
[gallery-32044]
Chempionatning tantanali ochilish marosimi 20-oktabr kuni soat 13:00 da bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA