O‘zbekiston sanoati ekologik modernizatsiyaga o‘tkaziladi: ustuvor yo‘nalishlar belgilandi
2028-yil oxirigacha sanoat korxonalarini eng yaxshi mavjud texnologiyalarga bosqichma-bosqich o‘tkazish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
Bu orqali ishlab chiqarishda atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish, energiya va suv resurslaridan samarali foydalanish hamda ekologik talablarni takomillashtirish ko‘zda tutilgan.
Poytaxtda Davlat ekologik ekspertizasi markazida eng yaxshi mavjud texnologiyalar (EMT) va tabiatni muhofaza qilishning ilg‘or amaliyotlarini joriy etish masalalari bo‘yicha idoralararo ishchi guruhning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Jahon banki guruhining texnik ko‘magida tashkil etilgan tadbirda sanoatni ekologik modernizatsiya qilishning amaliy mexanizmlari muhokama qilindi.
EMT bo‘yicha milliy tizimni shakllantirishning dastlabki bosqichida sement sanoati, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish, issiqlik energetikasi va yirik qozon qurilmalari ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Ushbu tarmoqlarda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali sanoat ifloslanishini kamaytirish, energiya sarfini qisqartirish va ishlab chiqarishning ekologik samaradorligini oshirish maqsad qilingan.
Yig‘ilishda EMT milliy tizimini ishlab chiqishning konseptual va metodologik yondashuvlari, taklif etilgan metodikaning dastlabki sinov natijalari hamda 2028-yil oxirigacha bo‘lgan davrni qamrab oluvchi yo‘l xaritasi loyihasi taqdim etildi.
Eng yaxshi mavjud texnologiyalarni joriy etish nafaqat ekologik talablarga rioya qilish, balki sanoat korxonalarining raqobatbardoshligini oshirish vositasi sifatida ham qaralmoqda. Jumladan, xomashyo, suv va energiyadan oqilona foydalanish, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish, chiqindilar hosil bo‘lishini qisqartirish hamda aylanma iqtisodiyot tamoyillarini tatbiq etish muhim vazifalardan hisoblanadi.
Shu bilan birga, EMT bo‘yicha milliy ma’lumotnomalar ishlab chiqilishi kutilmoqda. Ular korxonalar uchun ekologik va resurs samaradorligining maqsadli ko‘rsatkichlarini belgilash, maqbul texnologik yechimlarni tanlash va mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilishga metodologik asos bo‘lib xizmat qiladi.
Yig‘ilishda korxonalarning ekologik holatini xolis baholash uchun ishonchli ma’lumotlar bazasini shakllantirish zarurligi ta’kidlandi. Bunda atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalarning haqiqiy miqdori, ishlab chiqarish jarayonlarining texnologik ko‘rsatkichlari va resurslardan foydalanish samaradorligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar muhim ahamiyatga ega.
Bundan tashqari, ekologik me’yorlash, ishlab chiqarish monitoringi va korxonalar hisobotlarini takomillashtirish, sohaviy ekspert guruhlarini tashkil etish, milliy mutaxassislar salohiyatini oshirish hamda tegishli normativ-huquqiy bazani takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Sanoatni ekologik modernizatsiya qilish uchun iqtisodiy rag‘batlarni shakllantirish, investitsiyalarni jalb etish va xalqaro moliya institutlari imkoniyatlaridan foydalanishga ham alohida e’tibor qaratildi.
Muhokamalar davomida bildirilgan takliflar yo‘l xaritasi loyihasini takomillashtirish, uni amalga oshirish mexanizmlarini aniqlashtirish va tarmoq ekspert guruhlari vazifalarini belgilashda inobatga olinadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA