Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi tashabbusi bilan Toshkent viloyati partiya tashkiloti, Parkent tumani hokimligi hamkorligida Parkent tumanidagi “Qizil tog‘” hududida “Biz inson va tabiat uyg‘unligi tarafdorimiz!” shiori ostida ekologik aksiya o‘tkazildi.
Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ekofaollar, talabalar ishtirok etdi.
Maqsad aholining ekologik madaniyatini oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilishga keng jamoatchilikni e’tiborini qaratish, yoshlarda tabiatga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish hamda hududlarda amaliy obodonlashtirish ishlarini tashkil etishdan iboratdir. Aksiya davomida “Qizil tog‘” hududiga tabiat qo‘ynida dam olish uchun chiqqan yurtdoshlarimiz tomonidan qoldirib ketilgan chiqindilar talaba yoshlar tomonidan yig‘ib chiqildi va belgilangan hududga maxsus mashinalarda olib ketildi.
Yakunda aksiya faollari partiya Markaziy Kengashining tashakkurnomasi hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

***
Nurafshon shahrida “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi – 2026” musobaqalari tantanali ochildi. Markaziy o‘yingohga video-konferensiya aloqa orqali ulangan 22 ta tuman va shahar vakillariga mavsum oldidan omad va zafarlar tilandi.
Mazkur musobaqalarda 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar ishtirok etadi. Ular o‘z mahallalari jamoalari tarkibida futbol va mini-futbol yo‘nalishlarida o‘zaro bellashadi. G‘olib jamoalar viloyat bosqichiga yo‘llanma olish uchun kurash olib boradi.
Ochilish marosimida taniqli sport sharhlovchisi Mirzahakim To‘xtamirzayev, futbol faxriylari, tegishli mutasaddilar, shuningdek, viloyatning barcha mahallalaridan tarkib topgan 883 ta katta futbol, 883 ta mini futbol hamda 88 ta qizlar jamoalari ishtirok etdi.
Ushbu sport tadbiri yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda futbol sport turini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.


***
“Navoiy” hamda “Oybek” chegara bojxona postida amaldagi talablarga zid ravishda biologik faol qo‘shimchalar va dori vositalarini olib kirishga urinishlar aniqlandi. Xususan, yo‘lovchiga tegishli bagajlar bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, bojxona nazoratiga taqdim etilmagan holda 603 dona turli xil biologik faol qo‘shimchalarni olib kirishga urinish bartaraf etildi.


Shuningdek, yana bir fuqaro boshqaruvidagi yengil avtotransport vositasi belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda, qiymati 70 million so‘mlik tibbiyot vositalari aniqlandi.
Aniqlangan dori va tibbiyot vositalari bo‘yicha barcha holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.
A.Musayev, O‘zA.