Tibbiy ta’lim sohasidagi hamkorlik
Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ta’lim amaliyoti rahbari Rita Almeida, ta’lim masalalari bo‘yicha bosh mutaxassis Iv Janets hamda mutaxassis Viktoriya Babaxo‘djayeva Urganch davlat tibbiyot institutida bo‘ldi.
Xalqaro hamkorlik doirasidagi tashrif davomida mehmonlar institut rahbariyati bilan uchrashib, ta’lim tizimini rivojlantirish, xalqaro tajribalarni joriy etish hamda istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan muzokaralar olib bordi.

Shuningdek, mehmonlar institutning o‘quv, ilmiy va amaliy faoliyati bilan yaqindan tanishib, mavjud sharoitlar hamda yaratilgan imkoniyatlarga yuqori baho berdi.

– Asosiy maqsadimiz oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish hamda tibbiy ta’lim sifatini oshirishda kelgusi qadamlarni belgilab olishdir, – deydi Viktoriya Babaxo‘djayeva. – Urganch davlat tibbiyot institutida bo‘lib, ochig‘i ijobiy ma’noda hayratlandik. Bu yerda nafaqat moddiy-texnik baza, balki ta’limga bo‘lgan innovatsion yondashuv, xalqaro standartlarga intilish kuchli ekanligi ko‘rinib turibdi. Yaratilgan sharoitlar talabalarning sifatli bilim olishi uchun to‘la mos keladi.

Uchrashuv davomida ta’lim sifatini oshirish, innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish va xalqaro loyihalarda hamkorlikni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA