Turkiya Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi delegatsiyasi Samarqandda
Yurtimizga tashrif buyurgan Turkiya Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi prezidenti Qodir O‘zkaya boshchiligidagi delegatsiya Samarqandda bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov hamrohligida qadimiy kentga kelgan dastlab Hazrati Xizr majmuasini ziyorat qildi. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov yod etilib, Qur’on tilovat qilindi. Majmuadagi noyob tarixiy obida – Markaziy Osiyodagi eng qadimiy masjid tarixi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Mehmonlar Shohi Zinda maqbaralar majmuasi bilan ham yaqindan tanishib, obida tarixi, u yerda mangu qo‘nim topgan tarixiy shaxslar haqida ma’lumotga ega bo‘ldi.
Turkiyalik mehmonlar Amir Temur maqbarasi ziyoratiga ham katta qiziqish bildirdi. Temuriylar davri madaniyati va tarixi haqida batafsil ma’lumot berildi.
[gallery-29222]
Tashrif davomida Turkiya Konstitutsiyaviy sudi delegatsiyasi islom olamida alohida o‘rin tutuvchi Imom Buxoriy majmuasini ham ziyorat qildi. Bu yerda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlarini mehmonlar mamnuniyat bilan e’tirof etdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari