Maktab kutubxonasi yangi adabiyotlar bilan boyidi
Xovos tumanida yosh avlodning kitobga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning ma’naviy dunyosini kengaytirish va intellektual salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan yana bir muhim tashabbus amalga oshirildi. Tuman hokimi Qomus Yuldashev tashabbusi bilan tumandagi umumta’lim maktablariga yirik miqdorda badiiy va ma’rifiy adabiyotlar jamlanmasi yetkazib berildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 15 ta umumta’lim maktabi 3 mingga yaqin yangi kitoblar bilan ta’minlangan. Jumladan, 14 ta maktabga 44 nomdagi 179 tadan kitoblar topshirilgan bo‘lsa, “Mening maktabim” loyihasi doirasida yana 1 ta umumta’lim maktabi 188 nomdagi 416 dona adabiyotlar bilan boyitildi. Umumiy hisobda ushbu tashabbus qiymati 70 million so‘mni tashkil etadi.

Kitoblar jamlanmasi mazmun jihatidan ham keng qamrovli bo‘lib, unda jadid ma’rifatparvarlari asarlari, o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotining sara namunalari, shuningdek, jahon adabiyotining eng mashhur asarlari o‘rin olgan. Bu esa o‘quvchilarga nafaqat badiiy zavq, balki mustaqil fikrlash, tahlil qilish va keng dunyoqarashga ega bo‘lish imkonini beradi.

Tuman bo‘yicha 32 ta umumta’lim muassasasida avval mavjud bo‘lgan 38 ming nusxali kitob fondi ushbu tashabbus natijasida yana 3 ming nusxaga ko‘payib, umumiy adabiyotlar soni 41 mingga yetdi.

– Ushbu loyiha o‘quvchilarning kitobga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirish, ularning ma’naviy va intellektual salohiyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Eng muhimi, bu kabi ishlar bir martalik emas, balki doimiy davom etadi. Rejaga ko‘ra, har chorak yakunida maktab kutubxonalarini yangi adabiyotlar bilan boyitish bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshiriladi, – deydi tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi darsliklar bo‘yicha metodisti Saidakmal Eshonov.

Uning ta’kidlashicha, kutubxonalarni boyitish orqali o‘quvchilarning mustaqil mutolaaga bo‘lgan qiziqishi ortib bormoqda. Bu esa ta’lim sifatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatib, dars jarayonida faollikni oshirmoqda.
Ushbu xayrli tashabbus faqat ta’lim tizimi va pedagoglar tomonidan emas, balki ota-onalar tomonidan ham katta mamnuniyat bilan kutib olindi.

– Kitob fondining kengayishi juda muhim. Chunki bu o‘quvchiga kerakli adabiyotni izlab vaqt sarflamasdan, maktabning o‘zida topib o‘qish imkonini beradi. O‘qituvchi nazoratida mutolaa qilish esa tushunmagan joylarni muhokama qilish va bilimni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu bolalarning ma’naviy kamolotiga katta hissa qo‘shadi, – deydi xovoslik Muxtor ota Nosirov.

Mutaxassislar fikricha, bunday tashabbuslar yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, ularni ma’naviy yetuk shaxs sifatida tarbiyalash va ta’lim jarayoni samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri