“Tashabbusli byudjet”ning 2-mavsumida nimalar o‘zgardi? (+video)
2026-yilgi “Tashabbusli byudjet” jarayonlarining 2-mavsumi ham muhim o‘zgarishlar bilan boshlandi. Ma’lumki, har bir mavsumda biror-bir yangilik joriy qilinadi. Ya’ni, bu ko‘proq aholiga qulay bo‘lishiga va ko‘proq hududlar qamrab olinishiga qaratiladi.
Joriy mavsumda loyihalarni saralashda sun’iy intellektdan foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Uning afzallik jihatlari va “Tashabbusli byudjet”ga kiritilayotgan boshqa yangiliklar xususida Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi Mahallalarning moliyaviy ta’minotini ta’minlash va fuqarolar “Tashabbusli byudjet”i jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha bosh mutaxassis Alisherjon Bahramov bilan suhbatlashdik.
Ma’lumki, 15-iyuldan 3-avgustgacha loyihalarni kiritish, so‘ng 4-8-avgust kunlari loyihalarni saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi. Albatta, bu loyihalarni saralash oson ish emas. Bu borada qanday yangi texnologiyalar qo‘llanilmoqda?
- Qisqacha Toshkent shahriga to‘xtalib o‘tsam. 2026-yil 1-mavsum uchun jami 225 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan edi. Ushbu mablag‘lar doirasida 166 ta loyihalarimiz ovozni yig‘ish yo‘li bilan g‘olib bo‘lib, ularga 204 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi. Undan tashqari, qo‘shimcha, Nizom talablari asosida g‘olib bo‘lmagan loyihalarga qo‘shimcha ravishda Yashnobod tumanidagi loyihaga 1.648 mln ajratilgan. Bundan tashqari deputat tashabbusi bilan Toshkent shahridagi 12ta loyiha tanlab olindi 19 125 mln so‘m mablag‘ ajratildi.
2026-yil “Tashabbusli byudjet” jarayonlariga yana o‘zgarishlar kiritildi. Bunda deputatimiz bir mavsumda 1 648 mln mablag‘ ajratilardi va shu pulga faqat bir loyihani tanlab olardi. 2-mavsumdan esa ushbu mablag‘ doirasida bir qancha loyihalarni tanlab olishi mumkin. Ilgari 10 ta ovoz kamida yig‘ish kerak bo‘lsa, bu mavsumdan 50 ta kamida ovoz olgan loyiha g‘olib bo‘ladi.
- 19-21-avgust kunlari targ‘ibot bosqichiga start beriladi va bu jarayonlarning qanday talablari bor?
- Bizga bugungi kunda 3-avgustgacha fuqarolarimiz tomonidan Toshkent shahrining 12 tumanidan 1546 ta loyiha kelib tushdi. Shundan qurilish-ta’mirlash ishlari 1402 tani tashkil qiladi.
22-31-avgust kunlari ovozni berish bosqichi bo‘ladi. 1-10-sentabr kunlari qo‘shimcha g‘oliblarni e’lon qilish bosqichi o‘tkaziladi. Ma’lumot uchun, an’anaviy ovoz berish bosqichi yakunlariga ko‘ra g‘olib loyihalar 1-sentabr O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi bayrami kuni e’lon qilinadi.
“Tashabbusli byudjet” jarayoni doirasida ketma-ket ikki mavsumda g‘olib bo‘lgan mahallalar uchun navbatdagi ikki mavsumda loyiha kiritishni cheklash amaliyoti joriy etilgan.
Unga ko‘ra, avvalgi mavsumlarda ketma-ket g‘olib bo‘lgan hamda 2026-yilgi 2-mavsumida loyiha kiritish imkoniyati cheklanadigan mahallalar ro‘yxati shakllantirildi. Shuningdek, tanaffus qo‘llangan mahallalar tomonidan ham sherikchilik asosida loyihalarni ilgari surish imkoniyati mavjud.
- Loyihalar ko‘p, ularni ko‘rib chiqishda qiyinchilik tug‘iladi. Bu jarayonlarni yengillashtirish bo‘yicha qanday chora-tadbirlar ko‘rilyapti?
- Bu bo‘yicha ham yaqinda bir yangilik joriy qilindi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi mutaxassislari bu yo‘nalishda ishlab yaxshi yechim qilib berishdi. Saytimizga sun’iy intellekt joriy qilindi. Ushbu tizim kelib tushgan loyihalarimizni to‘liq ko‘rib chiqdi. Nizom talablariga mos yoki mos emasligini aniqlab berdi va tavsiyaviy ma’lumotni taqdim qildi. Loyihalarni o‘tkazish komissiyaning oxirgi xulosasiga bog‘liq. Bu bir muncha ishlarimizni yengillashtirdi. Endi fuqarolarimiz ham sun’iy intellektga o‘z savollari bilan murojaat qilib, aniq javob olishlari mumkin.
<iframe width="640" height="340" src="https://www.youtube.com/embed/tg8MC2zK_kc" title="“Tashabbusli budjet”ning 2-mavsumida nimalar o‘zgardi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Sanjar Toshpo‘latov, Yoqub Meliboyev, Iskandar Ismatov, O‘zA