OKMKda yangi Ohak zavodi barpo etilmoqda
Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli sanoat modernizatsiyasi jarayonlarida ishlab chiqarish tarmoqlarini zarur xomashyo va reagentlar bilan unumli hamda uzluksiz ta’minlash strategik ahamiyatga ega. Bu borada «Olmaliq KMK» AJ tomonidan Jizzax viloyatining Forish tumanida «Yoshlik-1 konini o‘zlashtirish» investitsiya loyihasi doirasida barpo etilayotgan yangi ohak zavodi nafaqat kombinatning ichki ehtiyojlarini qoplashga, balki hududiy sanoat salohiyatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi muhim loyihalardan biridir.
Davlatimiz rahbarining 2020-yil 2-maydagi PQ-4731-sonli qarori asosida hayotga tatbiq etilayotgan ushbu loyihaning umumiy qiymati 99,9 mln AQSH dollarini tashkil etadi. Zavod to‘liq quvvat bilan ishga tushirilgach, sutkasiga 2 200 tonna, yiliga esa 737 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. E’tiborli jihati, korxona to‘liq ko‘mir yoqilg‘isida ishlashga moslashtirilgan bo‘lib, bu ishlab chiqarish tannarxini sezilarli darajada pasaytirishga xizmat qiladi.

Loyihaning moliyaviy jihati kombinatning mustaqil va shaffof tashqi qarz mablag‘larini jalb qilish salohiyatini yaqqol ko‘rsatadi. Xitoyning «Jiangsu Pengfei Group Co., Ltd.» kompaniyasi bilan EPC-shartnomasi imzolanib, bosh pudratchiga 15,0 mln dollar miqdorida avans to‘lovi amalga oshirilgan. «Bank of China» banki bilan «Sinosure» sug‘urta kompaniyasi qoplamasi ostida 84,8 mln dollarlik kredit shartnomasi rasmiylashtirilgan. Xomashyo bazasi sifatida Forish tumanidagi mahalliy «Chimqo‘rg‘on-1» va «Chimqo‘rg‘on-2» ohaktosh konlari belgilangan bo‘lib, bu ishlab chiqarish zanjirining to‘liq mahalliylashtirilishini ta’minlaydi. Loyiha doirasida hududda 323 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

2026-yil 10-avgust holatiga ko‘ra investitsiya loyihasini huquqiy va texnik jihatdan puxta tayyorlash maqsadida barcha zarur ekspertiza jarayonlari muvaffaqiyatli yakunlangan. Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslanishi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 11-iyundagi 302-sonli qarori bilan rasman tasdiqlangan. Bosh pudratchi tomonidan 60,0 mln dollarlik zamonaviy texnologik uskunalar ishlab chiqarilib, jo‘natishga shay holatga keltirilgan. Shuningdek, shaharsozlik, sanoat xavfsizligi va davlat arxitektura-qurilish nazorati idoralaridan ijobiy xulosalar olinib, qurilish ishlariga qonuniy start berilgan.

Ayni paytda zavodning 21,2 gektarlik hududida qurilish-montaj bosqichi faol davom etmoqda. Safarbarlik ishlari to‘liq yakunlanib, maydonga 20 ta maxsus texnika jalb etilgan. Zavodning ma’muriy-maishiy komplekslari, oshxona va ishchilar yotoqxonalari binolariga beton plitalar yotqizilib, devorlarni tiklash ishlari olib bormoqda. Eng muhimi, zavodning asosiy texnologik uskunalari poydevori uchun kotlovan qazish bosqichi boshlangan. Mahsulotlarni tashish va logistika zanjirini yo‘lga qo‘yish uchun temir yo‘l tarmog‘ini qurish ishlari jadal sur’atlarda bormoqda. Bu yo‘nalishda yer jinslarini qazib olish va qayta yotqizish ishlari loyiha bo‘yicha 37 100 kub metr hajmda ishlar bajarilib, tayyorgarlik darajasi 95 foizga yetkazilgan. Sanoat maydoniga 2 264 dona temir-beton shpallar va strelkali o‘tkazgichlar uchun maxsus bruslar keltirilgan.

Ob’ektni barqaror energiya bilan ta’minlash maqsadida yerlashtirish va kabel kanallarini yotqizish ishlari 100 foizlik ko‘rsatkich bilan yakunlangan. Yuqori quvvatli 110 kVli havo tarmog‘i elektr tayanch ustunlarining 4 tasi montaj qilinib, 16 000 kVA quvvatga ega ikkita transformator podstansiyasi maydoni va beton tayanchlari qurib bitkazilgan. Bugungi kunda qurilish maydonchasida jami 106 nafar yuqori malakali mutaxassis va ishchilar mehnat qilmoqda. Mehnat resurslarining taqsimoti loyihaning ustuvor yo‘nalishlariga ko‘ra to‘g‘ri yo‘naltirilgan: asosiy kuch, ya’ni 80 kishi ma’muriy va turar joy fondi qurilishiga, 18 nafar xodim temir yo‘l tarmog‘iga va 8 nafar mutaxassis murakkab elektromontaj ishlariga safarbar etilgan.

Mazkur investitsiya loyihasining tizimli va izchil amalga oshirilishi Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining ishlab chiqarish quvvatlarini mahalliy xomashyo bilan ta’minlashda muhim poydevor bo‘ladi.

Forish tumanida zamonaviy texnologiyalar asosida barpo etilayotgan ushbu zavod yaqin yillarda nafaqat kombinatimizning, balki butun Yangi O‘zbekiston sanoatining rivojlanish sur’atlarini tezlashtirishga xizmat qiladi.
Axborot xizmati