Tarixiy merosni avaylash – zamonaviy san’at va ijodiy tafakkurni rivojlantiradi (+video)
Inson tafakkuri uning ilmga intilishi, mutolaa qilishi va atrofidagi voqea-hodisalarni anglashga bo‘lgan qiziqishi orqali boyib boradi.
Bu jarayonda muzeylarning o‘rni ham alohida. Zero, muzeylar o‘tmish va bugunni bog‘laydigan, ajdodlar merosi, milliy qadriyatlar va madaniy boyliklarni avlodlarga yetkazadigan muhim ma’naviy-ma’rifiy maskanlardir.
Ayniqsa, yosh avlodda Vatan tarixi, milliy qadriyatlar va ajdodlar merosiga hurmat tuyg‘usini shakllantirishda muzeylarning ahamiyati katta. So‘nggi yillarda mamlakatimizda bu yo‘nalishda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib, yangi muzeylar tashkil etilmoqda, mavjudlari rekonstruksiya qilinib, zamonaviy ekspozitsiyalar bilan boyitilmoqda.
Buni so‘nggi davrda amalga oshirilgan qator muhim loyihalar misolida ham ko‘rish mumkin. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 27-avgust kuni O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi. 2026-yil 9-aprelda Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan rekonstruksiya qilingan Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurdi. Shuningdek, 4-sentabr kuni Toshkent shahridagi yangi Zamonaviy san’at markazi faoliyati va bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Bunday madaniy-ma’rifiy maskanlar nafaqat tarixiy merosni asrab-avaylash, balki zamonaviy san’at va ijodiy tafakkurni rivojlantirish, yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.
– Har qanday inson kasbida yuksak natijalarga erishishi, yangi tadqiqot va izlanishlarga qadam qo‘yishi uchun, avvalo, o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashishi kerak, – deydi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibasi Jannat Ismoilova. – Chunki mas’uliyat insonning nafaqat o‘z vazifasini sidqidildan bajarishi, balki jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi, o‘z o‘rnini topishi va el-yurtga xizmat qilishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Mas’uliyatning shakllanishida esa ma’naviy tarbiya va milliy qadriyatlarning o‘rni muhim. Shu ma’noda, aholi, ayniqsa, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularda Vatanga muhabbat, ajdodlar merosiga hurmat va jamiyat oldidagi burch tuyg‘usini shakllantirishda muzeylar muhim ma’naviy-ma’rifiy maskan bo‘lib xizmat qiladi.
Darhaqiqat, oxirgi o‘n yillikka nazar tashlasak, mamlakatimizda muzeylar sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilganini ko‘rish mumkin. Yangi muzeylarning tashkil etilishi, mavjudlarining rekonstruksiya qilinishi, zamonaviy va noyob ekspozitsiyalar bilan boyitilishi xalqimizning madaniy va ma’naviy merosiga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirmoqda. Bugun jahon talablariga mos, zamonaviy, shu bilan birga, milliy tariximiz, madaniyatimiz va boy merosimizni keng targ‘ib etish imkoniyatiga ega muzeylar yurtimiz madaniy hayotining muhim qismiga aylanmoqda.
Ta’kidlash lozim, sohada yetuk mutaxassislarni tarbiyalash va rag‘batlantirish borasida ham ijobiy ishlar qilinmoqda. Zero, tarixini anglagan, ajdodlari qoldirgan boy merosni qadrlagan avlod bugungi imkoniyatlarning qadriga yetib, ertangi kun oldidagi mas’uliyatini ham chuqur his etadi.
Davomi quyidagi videoda:
Abdulaziz RUSTAMOV,
Yoqubjon MELIBOEV (video),
O‘zA