Yoshlar o‘z g‘oyalarini amaliy loyihalar orqali namoyon etishdi
Xovos tumanida yoshlarning yangi g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan startap loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Unda yoshlar o‘z g‘oyalarini amaliy loyihalar orqali namoyon etib, ularni hayotga tatbiq etish imkoniyatlarini muhokama qilishdi.
Taqdimotda tuman prokurori Faxriddin Rahimov, hokimlik mas’ullari, axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislari, shuningdek, faol va tashabbuskor yoshlar ishtirok etishdi.
Loyihalar turli yo‘nalishlarni qamrab olgan bo‘lib, ularning g‘oyasi, amaliy ahamiyati, foydalanuvchilar uchun qulayligi va kelgusida rivojlantirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Yoshlarning mavjud muammolarga zamonaviy yechim taklif etayotgani, raqamli texnologiyalar va innovatsion yondashuvlardan foydalanishga intilayotgani taqdimotning muhim jihatlaridan biri bo‘ldi.
Taqdimot jarayonida har bir loyihaning nafaqat g‘oyasi, balki uni amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi. Mutaxassislar loyihalarni bozor talablariga moslashtirish, maqsadli auditoriyani aniqlash, texnik yechimlarni takomillashtirish, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash va bosqichma-bosqich rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar berishdi.
[gallery-31472]
Muloqot davomida startapni g‘oya darajasida qoldirmasdan, uni aniq mahsulot yoki xizmatga aylantirish, amaliyotda sinab ko‘rish, zarur hollarda investitsiya va boshqa qo‘llab-quvvatlash mexanizmlaridan foydalanish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Bunday loyihalar yoshlarning zamonaviy kasb va texnologiyalarga qiziqishini oshirish bilan birga, mustaqil fikrlash, muammoni tahlil qilish va unga innovatsion yechim topish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, taqdimotlar yoshlar va soha mutaxassislari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatib, istiqbolli g‘oyalarni takomillashtirish va ularni amaliy loyihalarga aylantirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Tadbir yakunida yoshlarning startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, istiqbolli loyihalar ustida ishlashni davom ettirish va ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA