Ta’lim va amaliyot uyg‘unligi: Federatsiya huzurida Akademik departament sho‘’basi ochildi
Mamlakatimizda yuridik ta’lim sifatini oshirish, yuqori malakali huquqshunos kadrlar tayyorlash hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan hamkorlik izchil rivojlanmoqda.
Shu maqsadda Toshkent davlat yuridik universiteti hamda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi o‘rtasida 2026-yil 13-aprel kuni imzolangan hamkorlik memorandumi va uni amalga oshirish bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” doirasida qator amaliy loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.

Jumladan, 2026-yil 23-iyundan 25-avgustga qadar universitetning 189 nafar talabasi Federatsiyaning hududiy birlashmalari hamda tuman (shahar) jamiyatlarida yozgi stajirovka o‘tamoqda. Unda talabalar murojaatlar bilan ishlash, mediatsiya, sud-da’vo ishlarini yuritish, huquqiy targ‘ibot va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi boshqa yo‘nalishlarda nazariy bilimlarini amaliy faoliyat bilan mustahkamlamoqda.
Memorandum ijrosining muhim natijalaridan biri sifatida 2026-yil 6-iyul kuni O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi huzurida Toshkent davlat yuridik universiteti Biznes huquqi va sud himoyasi fakulteti Akademik departamenti sho‘’basining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Federatsiya raisi Jahongir Sarimsoqov hamda Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Baxshillo Xodjayev ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, mazkur tashabbus ta’lim, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini mustahkamlash, talabalarning amaliy tayyorgarligini oshirish, sohada ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va zamonaviy talablarga javob beradigan huquqshunos kadrlarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Akademik departament sho‘’basi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi fuqarolik-huquqiy munosabatlarni ilmiy va amaliy jihatdan o‘rganish, talabalarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, huquqiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish hamda ilmiy-tahliliy tadqiqotlarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Sho‘’ba doirasida murojaatlarni ko‘rib chiqish, shartnomaviy nizolarni hal etish, sudgacha kelishuv va mediatsiya jarayonlari, sud-da’vo amaliyoti, qonunchilik ijrosini tahlil qilish, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishga oid ilmiy-amaliy takliflar ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Shuningdek, universitet professor-o‘qituvchilari, talabalar va Federatsiya mutaxassislari ishtirokida klinik seminarlar, amaliy keyslar tahlili, davra suhbatlari hamda huquqiy targ‘ibot tadbirlari muntazam o‘tkaziladi. Ta’lim jarayoniga amaliy o‘qitish, stajirovka va dual ta’lim elementlarini keng joriy etish, o‘quv dasturlarini soha ehtiyojlari asosida takomillashtirish ham sho‘’baning ustuvor vazifalari hisoblanadi.
Mazkur tashabbus yuridik ta’lim va huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rtasidagi o‘zaro integratsiyani yanada mustahkamlash, raqobatbardosh va yuqori malakali huquqshunos kadrlar tayyorlash, shuningdek, mamlakatimizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
O‘zA