Giyohvandlik: millat genofondiga tahdid va uni bartaraf etish yechimlari (+video)
Giyohvandlik inson hayoti, oilalar va bolalar salomatligini izdan chiqaruvchi, millat genofondi hamda kelajagiga jiddiy xavf soluvchi illat hisoblanadi. Shu bois mamlakatimizda ushbu tahdidga qarshi kurashish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilmoqda.
Xususan, Prezident tomonidan giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi kurashni kuchaytirish hamda jamiyatni mazkur xavfdan himoya qilishga qaratilgan qonunning imzolanishi ushbu muammoga qarshi kurashning huquqiy asoslarini yanada mustahkamladi. Yangi qonunda narkotiklarni tarqatishning zamonaviy usullariga qarshi samarali choralar belgilanib, bunday jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirildi. Shuningdek, voyaga yetmaganlarni himoya qilish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Toshkent viloyati Zangiota tumanida ham "Giyohvandlik — millat genofondiga tahdid va uning yangi yechimlari" mavzusida profilaktik tadbir tashkil etildi. Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi Abror Akramov hamda Zangiota tumani probatsiya inspektorlari ishtirok etdi.
Tadbirda giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashishning huquqiy asoslari hamda sud amaliyoti haqida atroflicha so‘z yuritildi.
Sudya jamiyatda ushbu illat ildiz otmasligi va millat genofondini asrab qolish uchun faqat jazo choralari bilan cheklanib qolmasdan, jinoyat sodir etilishiga olib keluvchi omillarni bartaraf etish muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, narkotiklarning internet orqali tarqalishiga qarshi kibermakonda kurashish, yoshlar o‘rtasida targ‘ibot ishlarini kuchaytirish hamda mahallalarda sog‘lom muhitni shakllantirishda ota-onalar mas’uliyatini oshirish zarurligi qayd etildi.
Tadbir yakunida millat kelajagi va sog‘lom avlodni asrash huquq-tartibot organlari yoki sudninggina emas, balki har bir fuqaro va keng jamoatchilikning ham umumiy vazifasi ekanligi ta’kidlandi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/rUFfSlhknbA" title="Giyohvandlik: millat genofondiga tahdid va uni bartaraf etish yechimlari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>