Nuroniylar e’zoz va ehtiromga loyiq
Mamlakatimizda yoshi ulug‘larga hurmat-ehtirom ko‘rsatish elimizga xos qadriyatlardan biridir. Bu ezgu fazilatlar Namangan shahrida o‘tkazilgan “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonlarini tantanali topshirish marosimida yana bir karra namoyon bo‘ldi.
“Ma’rifat maskani” anjumanlar zalida “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi tomonidan uyushtirilgan “Uch avlod” uchrashuvi tarzidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirda viloyat shahar va tumanlarida tashkilotchiligi va faolligi bilan o‘rnak bo‘layotgan nuroniylar bilan bir qatorda Yoshlar ittifoqi faollari ham ishtirok etdi.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi, senator Shavkat Adurazzoqov, respublika “Nuroniy” jamg‘armasi raisining birinchi o‘rinbosari Sharof Ubaydullayev keksalarni e’zozlash Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarda ustuvorlik kasb etayotgani, nuroniylarning Namanganni respublikaning bunyodkorlik, tadbirkorlik va sanoat markaziga aylantirish, oilalarni mustahkamlash, yurtimiz tinchlik-barqarorligini ta’minlash, yoshlar kamolotida munosib hissalari borligini ta’kidladi.
[gallery-30277]
Bugungi kunda Namangan viloyatida istiqomat qilayotgan 278 mingdan ziyod pensionerlarning salomatligini muhofaza qilish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, bugungi kunidan rozi bo‘lib yashashlari uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etilgan. Chunonchi, Namangan shahri va barcha tumanlarda keksalarni dam olishi, sport bilan shug‘ullanishi va kitob o‘qishiga yo‘naltirilgan “Nuroniylar maskani” faoliyat yuritmoqda.
Tadbirda o‘z mehnati, hayot yo‘li va fidoyiligi orqali davlat boshqaruvi, fan, ta’lim, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, sanoat, qurilish, iqtisodiyot, huquq, madaniyat kabi sohalarda uzoq yillar samarali ishlagan 53 nafar nuroniylarga birinchi, ikkinchi va uchinchi darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.
Qayd etish lozimki, ushbu mukofot joriy etilgan 2017-yildan buyon hozirga qadar namanganlik 432 nafar keksa vatandoshimiz milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, kattalarga va yosh avlod vakillariga hurmat, ona Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash ishlaridagi uzoq yillik samarali faoliyati uchun “Mehnat faxriysi” nishoniga sazovor bo‘lgan. Ular orasida mustaqillikning ilk yillarida Namanganni boshqargan birinchi viloyat hokimi Botirali Hakimov, uzoq muddat O‘zbekiston Musulmonlar idorasining Namangan viloyati bo‘yicha vakili bo‘lgan Abdulhay domla Tursunov, ilm-fan fidoyilari – Namangan davlat texnika universiteti professori, texnika fanlari doktori Rustam Murodov, Namangan davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Farida Karimova, xalq ta’limi a’lochisi, taniqli shoira va jurnalist Dilbar Haydarova kabi el-yurt hurmatiga ega bo‘lgan fidoiylarni alohida e’tirof etish joiz.
– Tabarruk yetmish yoshga yetganda kamtarona mehnatlarimiz yuksak qadrlanib, davlat mukofotiga munosib ko‘rilganidan bag‘oyat mamnunman. Qariyb yarim asrdan buyon advokatura idoralarida faoliyat yuritib, minglab hamyurtlarimizning huquq-manfaatlarini himoya qilishda ozmi-ko‘pmi nafimiz tekkanidan xursandmiz, – deydi Respublika Advokatlar palatasi Namangan viloyati boshqarmasi advokati, To‘raqo‘rg‘on tumani Porosmon mahallasi faoli, birinchi darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sohibi Mavluda Qodirova. – O‘tgan davr mobaynida umr yo‘ldoshim bilan birga ikki o‘g‘il va ikki qizni xalqimiz koriga yaraydigan barkamol insonlar etib voyaga yetkazdik. Bugun farzandlarimiz hamda 13 nabira va 10 evaramiz davrasida umrguzaronlik qilyapmiz. Quvonarlisi, to‘rt nevaramiz izimdan borib, huquqshunoslik kasbini egalladi.
Tadbirda taniqli san’at ustalari hamda “Bolalar” maqom ansambli ijrosidagi dilrabo kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga manzur keldi. Tantanali tadbir nuroniylar va yoshlar ishtirokida to‘kin dasturxon atrofida davom etdi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA