Suv tejaladi, lekin hosildorlik oshadi
Mamlakatimizda suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish va ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga tatbiq etish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-iyunda qabul qilingan “Ma’muriy islohotlar doirasida suv xo‘jaligi sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur hujjatning 11-bandiga muvofiq, “Agrobank” ATB tomonidan suv xo‘jaligi sohasidagi ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini qo‘llab-quvvatlash uchun grant mablag‘lari ajratilishi belgilangan. Ayni paytda joylarda amalga oshirilayotgan qator ilmiy loyihalar ushbu vazifalarning amaliy ifodasiga aylanmoqda.

Jizzax viloyatida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar ham ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Suv xo‘jaligi vazirligi, “Agrobank” ATB hamda Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida “Avtomorf tuproqlar sharoitida g‘o‘zani tomchilatib sug‘orishda gidrogellardan foydalanish samaradorligini asoslash” mavzusidagi amaliy loyiha doirasida Sharof Rashidov tumanidagi “Shirin” fermer xo‘jaligida keng qamrovli dala tadqiqotlari amalga oshirilmoqda.
Yaqinda suv xo‘jaligi sohasida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan grant mablag‘larining maqsadli sarflanishini monitoring qilish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruh tajriba maydonlarida bo‘lib, dastlabki natijalar bilan tanishdi. Mutaxassislar ishtirokida o‘tgan muhokamalarda suvni tejash, hosildorlikni oshirish va mineral o‘g‘itlardan foydalanish samaradorligini yuksaltirish borasida qo‘lga kiritilayotgan natijalar atroflicha tahlil qilindi.

Tadqiqotlarda tomchilatib sug‘orish tizimida tuproq namligini uzoq muddat saqlash xususiyatiga ega gidrogellarning samarasi sinovdan o‘tkazilmoqda. Chigit ekish bilan bir vaqtda gidrogellar gektariga 50, 60 va 70 kilogramm me’yorlarda qo‘llanildi.
Dastlabki natijalarning o‘ziyoq ushbu innovatsion yondashuvning katta imkoniyatlarini namoyon etmoqda. Jumladan, egatlab sug‘orilgan nazorat maydonida mavsumiy sug‘orish me’yori 5850 metr kub gektarni tashkil etgan bo‘lsa, gidrogel qo‘llanilmagan tomchilatib sug‘orish variantida bu ko‘rsatkich 3479 metr kub gektarga tushgan. Gidrogellardan foydalanilgan maydonlarda esa suv sarfi yanada qisqarib, 50 kilogramm me’yorda 3169 metr kub gektarni, 60 kilogramm me’yorda 3149 metr kub gektarni va 70 kilogramm me’yorda 3134 metr kub gektarni tashkil etgan.
Eng muhimi, suv tejalishi hosildorlik hisobidan emas, aksincha, uning o‘sishi hisobiga ta’minlangan. Agar nazorat variantida har gektardan 36,5 sentner paxta olingan bo‘lsa, gidrogelsiz tomchilatib sug‘orishda bu ko‘rsatkich 41,2 sentnerga yetgan. Gidrogel qo‘llanilgan maydonlarda esa hosildorlik yanada ortib, gektariga mos ravishda 43 sentner, 45,4 va 49,9 sentnerni tashkil etgan.
Tahlillar bir sentner paxta hosili yetishtirish uchun sarflangan suv miqdori ham keskin kamayganini ko‘rsatdi. Nazorat variantida bu ko‘rsatkich 159,8 metr kub bo‘lgan bo‘lsa, tomchilatib sug‘orish usulida 84,4 metr kubga tushgan. Gidrogellar qo‘llanilgan maydonlarda esa ushbu raqamlar 73,7, 69,4 va 62,8 metr kubgacha qisqargan.
Suv samaradorligini baholovchi yana bir muhim mezon — 1000 metr kub sug‘orish suvi hisobiga olingan hosil hajmi ham sezilarli o‘sgan. Nazorat variantida bu ko‘rsatkich 6,2 sentnerni tashkil etgan bo‘lsa, gidrogel qo‘llanilgan variantlarda u mos ravishda 13,6 sentner, 14,4 va 15,9 sentnerga yetgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, gidrogellar tuproqda namlikni uzoq saqlash, suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish va qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirishda muhim omil hisoblanadi. Ayniqsa, suv tanqisligi tobora dolzarb masalaga aylanayotgan bugungi sharoitda bunday texnologiyalarning ahamiyati yanada ortib bormoqda.
Ayni paytda loyiha doirasidagi ilmiy izlanishlar davom ettirilmoqda. Yakuniy natijalar asosida ishlab chiqiladigan amaliy tavsiyalar esa suvning har tomchisini qadrlaydigan, yuqori samaradorlikka erishishga intilayotgan fermerlar uchun muhim qo‘llanma bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri