Bolalar kulgusida aks etgan bayram quvonchlari
1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Jizzax viloyatida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy va xayriya tadbirlari bolajonlarga unutilmas quvonch ulashib, jamiyatda farzandlar kamoliga bo‘lgan yuksak e’tiborning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
Jizzax viloyati IIB huzuridagi Qo‘riqlash boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Bolalar kulgusi — olam bezagi” shiori ostidagi bayram tadbirida xodimlar farzandlari uchun mazmunli va zavqli dastur tayyorlandi. Ayniqsa, rasm chizish tanlovi bolajonlarning qalbidagi beg‘ubor orzu-havaslar va rang-barang tasavvurlarni qog‘ozga muhrlash imkonini berdi. Har bir chiziq, har bir rang bolalarning ijodiy dunyosi, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi va orzularini namoyon etdi.

Tadbir doirasida ishtirokchilarning “O‘rda” ekologik bog‘iga sayohati ham tashkil qilinib, ular tabiatning go‘zal manzaralaridan bahramand bo‘lishdi. Quvonch va hayratga to‘la onlar, beg‘ubor kulgular va samimiy taassurotlar bayramga yanada fayz bag‘ishladi.

Shuningdek, Jizzax viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasining Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi tomonidan ham “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” munosabati bilan ezgu tadbir o‘tkazildi. “Xavfsiz oila” maxsus profilaktik tadbiri doirasida markazda saqlanayotgan hamda muassasaga qayta qabul qilingan voyaga yetmaganlar uchun madaniy hordiq tashkil etildi.

Bolajonlar Jizzax davlat qo‘g‘irchoq teatriga olib borilib, ular uchun namoyish etilgan sahna asari katta qiziqish va zavq bilan qarshi olindi. Qahramonlar taqdiri orqali ezgulik, mehr-oqibat va insonparvarlik g‘oyalari targ‘ib etilgan spektakl bolalarning ma’naviy olamini boyitish, hayotga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qildi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri